“Kimyo faniga qiziqishim 5-sinfda boshlangan”: 8-sinf o‘quvchisi kimyodan A+ sertifikatini qo‘lga kiritdi

“Kimyo faniga qiziqishim 5-sinfda boshlangan”: 8-sinf o‘quvchisi kimyodan A+ sertifikatini qo‘lga kiritdi

Samarqand shahar 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Axmedov Jasurbek Murodovich kimyo fanidan A+ darajali milliy sertifikatni qo‘lga kiritdi. Bunda u ikki yil davomida qattiq mehnat qilib, ushbu natijaga erishgan.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri Jasurbekning tayyorgarlik jarayoni va shaxsiy tajribasi haqida suhbatlashdi.

 

“Kimyo faniga qiziqishim 5-sinfda boshlandi”

 

Jasurbekning aytishicha, kimyo faniga bo‘lgan qiziqish 5-sinfda opasining tayyorlov kurslariga qatnashishi bilan boshlangan.

 

“5-sinfdaligimda opam kimyo fanidan tayyorlov kursiga borganida men ham qiziqib qo‘shilib borganman. Hammasi shundan keyin boshlandi” — deydi Jasurbek.

 

U kimyo fanidan darsga borib yurgan vaqtida o‘z bilimini sinash uchun sertifikat olishga qaror qiladi.

 

“Sertifikat olish g‘oyasi o‘zimni bilish uchun tug‘ildi”

 

Jasurbek sertifikat olishni o‘z bilimini sinovdan o‘tkazish, ya’ni qaysi darajada ekanligini bilish uchun qaror qilgan. O‘quvchi 2022-yilda Al Xorazmiy Olimpiadasi tabiiy fanlar yo‘nalishida viloyat bosqichida 1-o‘rinni olib, respublikaga chiqdi, lekin respublikada o‘rin olmaydi.

 

“O‘zimni bilimim qay darajada ekanligini bilish uchun milliy sertifikatga topshirishga qaror qildim. O‘tgan yili Al-Xorazmiy olimpiadaga tabiiy fanlar yo‘nalishida qatnashganimda viloyatda 1-o‘rinni olib, Respublikaga chiqgan edim. Afsuski, respublika bosqichida o‘rin ola olmadim, shuning uchun bilimimni darajasini bilmoqchi bo‘ldim”, – deydi u.

 

“O‘rganayotgan fanni qiziqib o‘qish kerak”

 

Tayyorgarlik jarayonida Jasurbek o‘rganayotgan faniga qiziqib o‘qish tarafdori. U tushunmagan joylarini qayta so‘rash kerakligini ta’kidlaydi.

 

“O‘rganayotgan fanni qiziqib o‘qish kerak. Qandaydir masalani ishlayotganda javobi chiqmasa ustozimdan kechasimi, ertalabmi o‘zim tushunmagancha qayta-qayta so‘rar edim”.

 

U bu natijaga erishish uchun ikki yil davomida tayyorgarlik ko‘rgan.

 

“Qiyinchilik sezmadim”

 

“Kuniga kamida 3-4 soatdan dars qilardim, Kunlik darsim ko‘p bo‘lgan kunlari esa uyqudan voz kechib tayyorlanganman” — deydi Jasurbek.

 

Kimyo fani uning sevimli fani bo‘lgani uchun, o‘qiyotgan mavzularini tushunishda qiyinchilikni sezmagan.

 

“O‘zim yaxshi ko‘rganim uchun mavzulardan qiyinchilik sezmaganman”.

 

“Imtihon kuni hayajon bo‘ldi, ammo bilimimga ishonch bor edi”

 

Imtihon kuni Jasurbek o‘zini biroz hayajonli his qilgan, ammo bilimiga ishonch bildirgan va testni muvaffaqiyatli topshirganini bildirdi.

 

“Bilimim yetishiga ishonardim, lekin sinov kuni baribir hayajon bo‘lgan.”

 

Imtihon natijasini kutish vaqti uning uchun eng qiyin davr bo‘lgan. Javobni eshitganida esa katta quvonchni his qilgan.

 

“Javob chiqishini judayam uzoq kutib, natijani eshitganimda qattiq quvondim” — deydi o‘quvchi.

 

“Biologiyadan qo‘shimcha darslarim bor”

 

Jasurbek o‘qishdan tashqari biologiya fanidan qo‘shimcha darslarga qatnashishini aytdi. Shuningdek, bo‘sh vaqtida badiiy kitoblar o‘qib, kubik rubik yig‘ishga qiziqadi.

 

“Ayni paytda biologiyadan qo‘shimcha darsga boryapman. Badiiy kitoblar o‘qiyman, kubik rubik yig‘aman, 10 dan ziyod kubiklarni yig‘ganman.”

 

Jasurbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Toshkent viloyati, Angren shahridagi 20-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Ziyakulov Mirziyo Otabek o‘g‘li IELTS’dan 7.5 ball, SAT’dan 1270 ball, CEFR’dan C1 daraja hamda matematika fanidan C darajali milliy sertifikatni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.