Esse yozishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?

Esse yozishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Esse yozishni baholashda fikrning mavjudligi, uning qanday bayon qilingani, mantiqiy izchilligi va adabiy til meʼyorlariga mosligi muhim hisoblanadi. Shu bois esse yozish jarayonida belgilangan talab va mezonlarga qatʼiy amal qilish talab etiladi.

 

Esse yozilishiga qoʻyiladigan talablar nimalardan iborat?

 

Avvalo, esse yozishda muallif oʻz fikr-mulohazalarini publitsistik uslubda, yaʼni aniq, ravon va taʼsirchan shaklda bayon etishi lozim. Bundan tashqari, fikrlar mantiqiy izchillikda, adabiy til meʼyorlariga rioya qilgan holda ifodalanishi shart. Eng muhimi, esse davomida keltiriladigan barcha fikr va mulohazalar faqat berilgan mavzu doirasida boʻlishi kerak.

 

Esse tuzilishi jihatidan uch asosiy tarkibiy qismdan iborat bo‘ladi. Bular kirish, asosiy qism va xulosa.

 

Kirish qismi ikki-uch jumladan iborat boʻlib, unda mavzuga qisqacha yondashuv bildiriladi. Bunda berilgan vaziyat matnini aynan koʻchirib yozish qatʼiyan tavsiya etilmaydi, balki muallif oʻz fikri orqali mavzuga kirib borishi lozim.

 

Asosiy qism esa esse mazmunining markazi hisoblanadi. Ushbu qism kamida uchta xatboshidan iborat boʻlishi shart. Har bir xatboshida mavzuga doir turli qarashlar, tomonlarning fikrlari va muallifning shaxsiy mulohazalari batafsil yoritilishi kerak. Shu bilan birga, berilgan vaziyat yuzasidan ilgari surilgan fikrlar hayotiy misollar bilan dalillanishi, muallifning shaxsiy pozitsiyasi esa aniq va asosli tarzda ifodalanishi lozim.

 

Xulosa qismida esa asosiy qismda bayon etilgan fikrlar umumlashtiriladi. Ushbu qism ikki-uch jumladan iborat boʻlib, unda muallifning yakuniy xulosasi qisqa va loʻnda shaklda ifodalanadi. Taʼkidlash joizki, esse uchun alohida reja tuzilmaydi va epigraf qoʻyilmaydi.

 

Yozma ishlarni baholash jarayonida fan eksperti tomonidan matnning mantiqiy qurilishi va mazmuniy izchilligi alohida eʼtiborga olinadi. Jumlalarning toʻgʻri tuzilishi, matn qismlarining ketma-ketligi, fikrlarning bir-biriga mosligi va voqelikka uygʻunligi tekshiriladi. Xatboshilarga notoʻgʻri ajratish yoki bir fikrning turli shakllarda takrorlanishi mantiqiy va mazmuniy izchillikning buzilishi sifatida baholanadi.

 

Shuningdek, yozma ishda kirill alifbosidan foydalanish imloviy xato hisoblanadi. Biroq oʻzbek adabiy tilida hali toʻliq meʼyorlashmagan ayrim neologizmlarning yozilishidagi ikki xillik xato sifatida baholanmaydi. Masalan, “Word”, “Tvitter” yoki “Twitter” kabi soʻzlar oʻzbek tili yoki oʻzlashtirilgan til qoidalariga muvofiq yozilishi talab etiladi.

 

Yana bir muhim jihat shundaki, yozma ishni baholashda yozuvning chiroyliligi yoki xunukligi inobatga olinmaydi. Baholash faqat mazmun va mezonlarga muvofiqlik asosida amalga oshiriladi.

 

Ayrim holatlarda yozma ish 0 ball bilan baholanishi mumkin. Quyidagi hollarda yozma ish 0 ball bilan baholanadi:

 

— Faqat kirish qismi yozilgan ishlar “topshiriq bajarilmagan” deb xulosalanadi va 0 ball bilan baholanadi.

 

— Javoblar varaqasining yozma ish uchun belgilangan qismi ochiq qoldirilgan boʻlsa, “topshiriq bajarilmagan” deb xulosalanadi va 0 ball bilan baholanadi.

 

— Yozma ish matni toʻliq kirill alifbosida yozilgan boʻlsa, tekshirilmaydi va 0 ball bilan baholanadi.