Qirg‘izistonda o‘qituvchilar maoshi 100 foizga oshiriladi

Qirg‘izistonda o‘qituvchilar maoshi 100 foizga oshiriladi

Qirgʻizistonda oʻqituvchilar ish haqi 100 foizga oshiriladi. Bu yangilikni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Xalq Qurultoyida soʻzlagan nutqida eʼlon qildi.

 

“Yaqinda Vazirlar Mahkamasi raisi ish haqlari kamida 50 foizga oshirilishini maʼlum qilgandi. Kecha mening kabinetimda yigʻilish boʻlib oʻtdi va prezident tomonidan qoʻshimcha 15 ming somlik kompensatsiyani joriy etish orqali ish haqini oʻrtacha 100 foizga oshirish mumkin degan qarorga keldik”, — dedi prezident Japarov.

Qirgʻiziston Prezidentining taʼkidlashicha, hozirgi kunda oʻqituvchilarning oʻrtacha oylik ish haqi 26 ming somni tashkil etadi, aprel oyidagi oshirishdan soʻng esa oʻrtacha 52 ming somga yetadi. Oʻqituvchilarning mehnat haqi ularning bilim darajasi, pedagogik tajribasi, malaka toifasi, faoliyat yuritayotgan hududi, oʻqitayotgan fani hamda haftalik yuklamasiga bogʻliq boʻladi.

 

Shaharda pedagogik oʻrta maʼlumotga ega, biroq oʻqituvchilik tajribasiga ega boʻlmagan yangi ish boshlagan oʻqituvchining ish haqi aprel oyidan boshlab 36 ming 800 somni, qoʻliga tegadigan sof summa esa 31 ming 200 somni tashkil etadi.

 

Hududiy koeffitsiyenti 1,8 boʻlgan baland togʻli hududda faoliyat yuritayotgan, 30-yildan ortiq ish tajribasiga ega matematika oʻqituvchisi hozirda 65 ming 800 som maosh olsa, yangilangan tizimga koʻra aprel oyidan boshlab uning ish haqi 97 ming 600 somgacha oshadi.

 

Maʼlumot oʻrnida, hozirda Qirgʻiziston oʻqituvchilari Oʻzbekistondagi oʻqituvchilardan sal kamroq, oʻrtacha 26 ming som yoki 3,6 mln soʻm maosh olishadi. Lekin 1-apreldan boshlab, Qirgʻiziston oʻqituvchilari oʻrtacha 52 ming som yoki 7,2 mln.soʻm maosh olishadi. Bu Oʻzbekistondagi hamkasblari maoshidan 75% koʻp degani.