“Alisher Navoiy” romani ozarbayjon tilida nashr qilindi

“Alisher Navoiy” romani ozarbayjon tilida nashr qilindi

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romani ozarbayjon tilida nashrdan chiqdi. Bu haqda www.azadmedia.az saytida e’lon qilindi.

 

Ozarbayjonlik olim, filologiya fanlari doktori, professor Seyfaddin Rzasoyning mazkur axborot saytida eʼlon qilingan maqolasida Alisher Navoiyning turkiy xalqlar mumtoz adabiyoti va ijtimoiy hayotida tutgan yuksak oʻrni, shuningdek, “Alisher Navoiy” romanining oʻziga xos jihatlari haqida soʻz yuritilgan.

 

Maqolada Alisher Navoiy barcha turkiy xalqlarning tengsiz va barhayot siymosi ekani, Navoiy timsoli nafaqat oʻzbeklar, balki ozarbayjon xalqining ham badiiy ruhini ifodalashi alohida taʼkidlab oʻtilgan.

 

“Roman boshidan oxirigacha milliy xotiraga yoʻgʻrilgan chaqiriq, turklik ruhining uygʻonishi, oʻzlikka qaytish sadolaridan iborat. Shu maʼnoda, asarning badiiy tuzilishini tashkil etuvchi barcha unsurlar (obrazlar, syujet, epizodlar, dialoglar, gʻoyalar…) bizga oʻzbek insoni timsolida turkiy ruhning “dostoni”ni hikoya qiladi.

 

Muallif bu ruhning turklik va islom orqali shakllanganini, turkiy oʻzlikning barcha maʼnaviy-falsafiy salohiyati islom-turk ruhida joʻshqinlik kasb etganini yorqin badiiy manzaralar bilan aks ettiradi”, — deb yozadi Seyfaddin Rzasoy oʻz maqolasida.

 

“Alisher Navoiy” romanini Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining bosh ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori, dotsent Gʻolib Sayilov ozarbayjon tiliga tarjima qilgan. “Fuyuzat” nashriyotida chop etilgan.

 

Maʼlumot uchun, “Fuyuzat” nashriyoti 2024-yilda Isajon Sultonning mazkur romanini turkiyalik tarjimon, filologiya fanlari doktori Sema Eynel tarjimasida turk tilida ham nashr qilgan edi.

 

Avvalroq, “Oʻtkan kunlar” romani qirgʻiz tilida nashr qilingan va koreys tiliga tarjima qilingan edi.