AQSHning Minneapolis shahridagi maktablardan birida 27-avgust kuni qurolli hujum uyushtirildi. Oqibatda 2 nafar bola halok bo‘ldi, yana 17 kishi turli darajada tan jarohati oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Federal qidiruv byurosi (FQB)ga ko‘ra, ushbu voqea shaharning janubida joylashgan Annunciation cherkovi va maktabi binosida ro‘y bergan.
Huquq-tartibot organlarining ma’lum qilishicha, 8 va 10 yoshli 2 nafar bola voqea oqibatida halok bo‘lgan. Hujumchi — 23 yoshli Robin Vestman voqea joyida o‘zini o‘ldirgan. Politsiya uning shaxsiga aniqlik kiritgan, ammo hozircha uning bu hujumga nima sababdan qo‘l urgani oshkor qilinmagan.
Voqeada omon qolgan 10 yoshli bola do‘sti uni o‘qdan saqlab qolganini bildirgan:
“Men derazadan 2 ta o‘rindiq narida o‘tirgan edim. Do‘stim Viktor ustimga yotib meni himoya qildi, lekin o‘zi orqasidan yaralandi”.
Ma’lumot o‘rnida, Annunciation cherkovi 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ta’lim beruvchi muassasa hisoblanadi.
