Ijtimoiy tarmoqlar — zamonaviy psixologlarmi?

Ijtimoiy tarmoqlar — zamonaviy psixologlarmi?

Bugungi kunda Instagram, TikTok va X (sobiq Twitter) kabi ijtimoiy tarmoqlar nafaqat ko‘ngilochar platforma, balki ruhiy salomatlik haqidagi bilimlar bilan tanishish imkonini beruvchi manbaga aylanmoqda. Ayniqsa, yoshlar va bolalar orasida bu tarmoqlardan ma’lumot olish holatlari tobora ortib bormoqda. Biroq mutaxassislar bu jarayonning ortida turli xavflar ham yashirin ekanligidan ogohlantirmoqda.

 

 

Kanzas shtatidagi boshlang‘ich maktab maslahatchisi Hanna Kemblening ta’kidlashicha, ba’zi o‘quvchilar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rgan videolarga asoslanib o‘zlariga tashxis qo‘ymoqda.

Menga oltinchi sinf o‘quvchilari o‘zlarida bezovtalik borligini aytdi, ammo bu tashxisni shifokor emas, TikTok orqali o’zlariga qo‘yishgan”, – deydi u. Bunday holatlar AQSh bo‘ylab boshqa maktablarda ham kuzatilmoqda.

 

Mutaxassislarning fikricha, bu holatlar pandemiya oqibatlari, raqamli muhitdagi nazoratning yetishmasligi va media savodxonlikning pastligi bilan bog‘liq. Bolalar ruhiy salomatlik haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida qaror chiqarishi ularning hissiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

 

Ijtimoiy tarmoqlar — zamonaviy psixologlarmi?

Yordammi yoki xavfmi? Ijtimoiy tarmoqlarning ikki qirraliligi

 

2024-yilgi Common Sense Media hisobotiga ko‘ra, kamida har uch nafar yoshlardan biri YouTube yoki TikTok orqali ruhiy salomatlik bo‘yicha ma’lumot izlagan. Bunday imkoniyatlar yoshlar uchun bilim manbai bo‘lishi mumkin, ammo ular bilan bir qatorda noto‘g‘ri ma’lumotlar, xavfli maslahatlar va salbiy tajriba almashinuvi xavfini ham keltirib chiqaradi.

 

Tashkilot vakili Jeymi Nunez shunday deydi: “Pandemiyadan keyin biz yolg‘izlik va izolyatsiya epidemiyasiga duch keldik. Bunday vaziyatlarda psixologlar muhim rol o‘ynaydi, biroq maktablarda psixologlarning yetishmasligi muammoni yanada murakkablashtirmoqda.”

Chatbotlar: yangi do‘stmi yoki xatar manbaimi?

 

Raqamli vositalar orasida ayniqsa sun’iy intellekt chatbotlariga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. O‘smirlar chatbotlar orqali o‘z muammolarini muhokama qilishga urinmoqda. Ammo bu ham hamma vaqt ijobiy natija bermaydi. Kembrij universiteti tadqiqotchilari bolalarda kognitiv ko‘nikmalar hali shakllanmagan bir paytda, chatbotlar va haqiqiy insonlar orasidagi farqni anglash qiyin bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

 

Ijtimoiy tarmoqlar — zamonaviy psixologlarmi?

 

Shunga qaramay, psixolog Hanna Kemble sun’iy intellektni ehtiyotkorlik bilan, lekin foydali tarzda qo‘llash mumkinligini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, pedagoglar o‘zlarining raqamli savodxonligini oshirishi va o‘quvchilarga sun’iy intellekt vositalaridan xavfsiz foydalanishni o‘rgatishi zarur. Kemble maktabda “SchoolAI” platformasi orqali o‘quvchilar uchun kasbiy va hissiy maslahatlar beradigan chatbotlar yaratgan. U ishlab chiqqan “Scout the Career Fox” nomli chatbot esa o‘quvchilar orasida mashhurlikka erishgan.

 

 

Ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellekt vositalari bolalar ruhiy salomatligi haqida ko‘proq ma’lumot berishda foydali bo‘lishi mumkin. Ammo bu vositalarning nazoratsiz ishlatilishi noto‘g‘ri tushuncha, tashxis va hatto xavfli harakatlarga olib kelishi ehtimolini oshiradi. Eng muhim jihat shundaki, bola har qanday holatda ham professional, tirik inson – psixolog yordami va rahbarligiga muhtoj. Ijtimoiy tarmoqlar psixologlar rolini egallay olmaydi, faqat ular to‘ldiruvchi vosita sifatida ishlatilishi mumkin.