Maktabdan tashqari ta’lim: zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajriba

Maktabdan tashqari ta’lim: zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajriba

Bugun farzandimizning kelajagi haqida o‘ylarkanmiz, faqat maktabda oladigan bilim bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Chunki, zamonaviy jamiyatda bola nafaqat bilimli, balki ko‘nikmalarga ega, o‘z yo‘lini erta topgan va mustaqil fikrlovchi shaxs sifatida shakllanishi lozim.

 

 

Rivojlangan davlatlar allaqachon buni anglab yetgan. Ular bolalarning qiziqishlari, tabiiy iste’dodlari va bozor talablariga mos kelajak kasblariga tayyorgarligini aynan maktabdan tashqari taʼlim orqali yo‘lga qo‘ygan. Bu – ta’lim sohasidagi eng dolzarb va muhim yondashuvlardan biri.

 

 

Hindiston bugun faqat texnologiyalar sohasida emas, balki ta’lim tizimidagi islohotlari bilan ham e’tiborni tortmoqda. Ayniqsa, maktabdan tashqari ta’lim yo‘nalishida yurt kelajagini belgilovchi ilg‘or tajribalar shakllangan. Bu davlatda “ITEC”, ya’ni Hindiston Texnik va Iqtisodiy Hamkorlik dasturi doirasida bolalarning texnik va kasbiy yo‘nalishlarda erta tayyorgarligi yo‘lga qo‘yilgan.

 

 

Kod yozish, robototexnika, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlikka oid kurslar hatto qishloq hududlaridagi bolalarga ham yetkazib beriladi. Hindiston maktablaridagi klub va laboratoriyalar bolalarning qiziqishiga qarab faoliyat yuritadi – kimdir elektronika bilan shug‘ullansa, kimdir ekologik loyihalar ustida ishlaydi. Eng muhimi, bu mashg‘ulotlar davlat va xalqaro hamkorlikdagi grantlar asosida bepul taqdim etiladi. Bu orqali Hindiston bolalarni erta yoshdan kreativ va texnologik tafakkur bilan tarbiyalayapti.

 

 

Yaponiyada farzandlar maktabdan keyingi vaqtlarini maqsadli va tarbiyaviy jihatdan foydali faoliyat bilan o‘tkazadi. Yaponiyada bolani kichkinaligidan jamoaviy hayotga, o‘zaro hurmat va tartib-intizomga o‘rgatiladi. Maktabdan keyin bolalar ko‘ngillilik asosida mahalliy ekologik loyihalarda ishtirok etadi, sport klublari, teatrlar yoki texnik to‘garaklarda qatnashadi. Shu tariqa ular o‘z qobiliyatini sinovdan o‘tkazadi, hayotga faol fuqarolik pozitsiyasi bilan kirib boradi. Bu tizim yosh avlodni mas’uliyatli, ijtimoiy faol va yetuk shaxs sifatida kamol toptirishga xizmat qilmoqda.

 

Maktabdan tashqari ta’lim: zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajriba

 

Janubiy Koreya – zamonaviy texnologiyalar vatani. Bu yerda bolalar erta yoshdan texnologiya bilan tanishtiriladi. Robototexnika, sun’iy intellekt, dasturlash, multimedia – bu mashg‘ulotlar nafaqat maktab dasturida, balki maktabdan tashqari mashg‘ulotlar shaklida ham keng joriy etilgan.

 

 

Davlat bolalarning innovatsion fikrlashini shakllantirish uchun har bir hududda raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan markazlar tashkil etgan. Darslardan so‘ng farzandlar o‘z qiziqishiga ko‘ra tanlov asosida mashg‘ulotlarga qatnaydi. Bu esa ularning iqtidorini erta aniqlash, kelajak kasbini to‘g‘ri tanlashiga xizmat qiladi.

 

 

Qatar so‘nggi yillarda ta’limni strategik soha sifatida belgilab, ayniqsa, maktabdan tashqari ta’lim tizimini jadal rivojlantirmoqda. Qatar fondi (Qatar Foundation) – mamlakatning yirik ta’lim va ilmiy markazi orqali bolalarga san’at, sport, ekologiya, tadbirkorlik va texnologiya yo‘nalishida zamonaviy klublar ochilgan. Bu markazlarda bolalar nafaqat bilim oladi, balki real loyihalarda ishtirok etish, ixtirolar qilish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi.

 

Maktabdan tashqari ta’lim: zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajriba

 

Tizimda mentorlik amaliyoti keng qo‘llaniladi, ya’ni har bir bola o‘z yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassisdan maslahat olib, hayotiy tajriba orttiradi. Eng muhimi, ushbu faoliyatlar bepul, davlat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi. Yurtimizda so‘nggi yillarda bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidor va qiziqishlarini erta aniqlab, to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida bir qator muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

 

 

Jumladan, “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyati kengaytirilmoqda, turli fan, san’at, texnika, sport va boshqa yo‘nalishlarda to‘garaklar soni ortmoqda. Sport seksiyalari orqali esa bolalarning jismoniy sog‘lomligi, intizomi va jamoada ishlash ko‘nikmalari shakllantirilmoqda. Bu tashabbuslar nafaqat farzandlarimizning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilmoqda, balki ta’lim-tarbiya tizimining izchil takomillashuvini ham ta’minlamoqda. Shubhasiz, bunday ijobiy o‘zgarishlar xalqimiz va kelajagimiz uchun quvonarli va muhim ahamiyatga egadir.

 

Maktabdan tashqari ta’lim: zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajriba

 

Shu o‘rinda alohida taʼkidlash joizki, 2025-yil 30-yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 16-son Farmonida “O‘zbekistan-2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida maktabdan tashqari ta’limga bo‘lgan yondashuv yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu farmonda maktabdan tashqari ta’limga doir bir qator vazifalar belgilandi. Jumladan, Ta’limni rivojlantirish respublika  ilmiy-metodik markaziga xar yili maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining 20 nafar o‘qituvchi-trenerlarini rivojlangan xorijiy davlatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.

 

 

Ayni paytda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Avstraliya, Kanada, AQSh, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Fransiya kabi ilg‘or davlatlarning tizimlari chuqur o‘rganildi. KOICA (Janubiy Koreya), ITEC (Hindiston), JICA (Yaponiya), AFD (Fransiya), Qatar Foundation, Scouts Australia kabi xalqaro tashkilotlar bilan grant asosida malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari muhokama qilinmoqda.

 

 

Bugungi kunda esa maktabdan tashqari ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-trenerlarni yugurish, suzish, velosport hamda triatlon sport turlari bo‘yicha Avstraliya, Kanada va AQShga, “Barkamol avlod” maktablarining o‘qituvchilarini Janubiy Koreyaga va madaniyat, sanat yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan murabbiylarni esa boshqa rivojlangan davlatlarga yuborish rejalashtirilgan.

 

Maktabdan tashqari ta’lim: zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajriba

 

Maktabdan tashqari ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-trenerlarning rivojlangan davlatlarda malaka oshirishi – bu nafaqat kasbiy ko‘nikmalarni boyitish, balki butun ta’lim tizimining sifatini tubdan oshirishga xizmat qiluvchi strategik qadamdir.

 

 

– birinchidan, xorijiy tajriba o‘qituvchilarimizni dunyoqarash jihatdan boyitadi. Yaponiyadagi intizom, Janubiy Koreyadagi texnologiyaga asoslangan yondashuv, Hindistondagi innovatsion loyihalar kabi ilg‘or uslublarni amalda ko‘rgan mutaxassis ularni yurtimiz sharoitida tatbiq eta oladi.

 

 

– ikkinchidan, trenerlar zamonaviy pedagogik texnologiyalar va o‘qitish metodlarini bevosita o‘rganadi. Bu esa bolalarning faqat bilim emas, balki amaliy ko‘nikma, kreativ tafakkur va ijtimoiy faolligini shakllantirish imkonini beradi.

 

 

– uchinchidan, xalqaro hamkorliklar va grant dasturlari orqali yangi to‘garaklar ochish, zamonaviy uskunalar jalb qilish, o‘quv dasturlarini yangilash imkoniyati paydo bo‘ladi. Trenerlar xalqaro tarmoqlarga ulanib, xorijiy trenerlar bilan tajriba almashadi.

 

 

Va nihoyat, bu islohot o‘qituvchi kasbining obro‘sini oshiradi. Chet elda malaka oshirgan mutaxassis o‘z sohasi bo‘yicha liderga aylanadi, yosh murabbiylarga tajriba ulashadi, mahalliy tizimga yangicha ruh bag‘ishlaydi.

 

 

Xorijda malaka oshirish – bu faqat bir o‘qituvchining emas, balki butun ta’lim tizimining yutug‘idir. Bu orqali maktabdan tashqari ta’lim bolalar hayotida chinakam o‘zgarish yasovchi, maqsadli, zamonaviy va foydali tizimga aylanadi.

 

 

Temur Musurmonkulov
O‘zbekiston Respublikasi Ta’limni rivojlantirish respublika
ilmiy-metodik markazi bosh mutaxassisi