20-yanvar kuni “Rahbar ayollar maktabi” oʻquv dasturi toʻrtinchi mavsumining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva oʻzining Telegram-kanali orqali maʼlum qildi.
Saida Mirziyoyeva yangi mavsumning ochilishiga bagʻishlangan marosimda ishtirok etdi. Taʼkidlanishicha, joriy mavsumda odatdagidan ikki barobar koʻp, yaʼni 100 nafar tinglovchi tahsil oladi.
“Bugun men prezident farmoniga koʻra asos solingan «Rahbar ayollar maktabi” oʻquv dasturi toʻrtinchi mavsumining ochilish marosimida ishtirok etdim.
Ushbu muhim loyiha rivojlanishda davom etayotgani va yuzlab yosh, istiqbolli hamda isteʼdodli ayollar uchun yangi bilim va koʻnikmalar eshigini ochayotgani juda quvonarli. Har bir ishtirokchining Oʻzbekiston taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshish, dunyoni yaxshi tomonga oʻzgartira oladigan lider boʻlish imkoniyati bor», — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.
Shuningdek, u mazkur dasturda orttirilgan tajriba va bilimlar bebaho qiymatga ega boʻlishi, oʻquv jarayoni har bir qatnashchini katta yutuqlar sari undaydigan muhim boshlangʻich nuqtaga aylanishiga ishonch bildirdi.
Qayd etilishicha, “Rahbar ayollar maktabi” oʻquv dasturining navbatdagi mavsumida odatdagidan ikki barobar koʻp, yaʼni 100 nafar tinglovchi tahsil oladi.