Navoiy viloyati Karmana tumanida joylashgan 30-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari oʻrtasida oxirgi yarim yil ichida ketma-ket oʻz joniga qasd qilish holatlari qayd etilmoqda.
Joriy yilning 18-dekabr kuni maktabning 9-sinf oʻquvchi yigit oʻzini osgan holda joniga qasd qilgan. Buni Kun.uz saytining ikki mustaqil manbasi tasdiqlagan.
Bir oy avval, 18-noyabr kuni shu maktabning 11-sinf oʻquvchi qizi ham oʻz uyida oʻz joniga qasd qilgan. Qizning ota-onasi shu maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlagani qayd etilgan.
Shuningdek, 24-may kuni, maktabning 6-sinf oʻquvchilari dars vaqtida choʻmilishga borib, ulardan biri suvga choʻkib halok boʻlgan.
Mazkur holatlar yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgani haqida xabar qilingan. Biroq hozirga qadar ushbu voqealar boʻyicha rasmiy munosabat bildirilmagan.