“Yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, haftaning har payshanba kuni jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi. 2025-2026 oʻquv yilidan:
– sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti joriy etiladi;
– sport maktablarida ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi;
– har bir ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat taʼlim muassasalari biriktiriladi;
– ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner oʻziga biriktirilgan hududda “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini oʻtkazib borishga masʼul hisoblanadi.
2025/2026 oʻquv yilidan hududlardagi olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar faoliyati quyidagi yangicha tartibda tashkil qilinadi:
– sport turlari boʻyicha mahorat maktablari tashkil qilinadi;
– mahorat maktablari faoliyati sport turlari boʻyicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yoʻnaltiriladi hamda alohida sport turlariga ixtisoslashtiriladi;
– mahorat maktablari oʻquvchi-sportchilarining umumiy kontingenti jami 150 nafardan koʻp boʻlmagan miqdorda 7–11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻladi;
– mahorat maktablari oʻquv dasturini oʻzlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma beriladi;
– mahorat maktablarida oziq-ovqat bilan taʼminlash xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovi undirilmaydi.