“Oʻzbekiston temiryoʻllari” talabalar uchun mahalliy yoʻnalishdagi poyezdlar chiptalariga 50 foizlik chegirma eʼlon qilgan edi. Chiptalar sotiladigan elektron platformada Toshkent–Urganch, Toshkent–Buxoro, Toshkent–Nukus yoʻnalishlarida 23–31-dekabr sanalaridagi barcha chiptalar allaqachon tugagan. Boshqa yoʻnalishlarda esa sanoqli chiptalar qolgan. Kun.uz ning xabar berishicha, muxbir holatni oʻrganish va talabalar fikrini eshitish uchun poytaxtdagi temiryoʻl kassalaridan birida boʻlgan.
Ma’lum qilishinicha, muxbir bilan suhbatda boʻlgan talabalar ham mazkur sanalarda ushbu yoʻnalishlarga chipta qolmaganini taʼkidlagan. Talabalarning ayrimlari esa ketish uchun emas, faqat qaytish uchun chegirmali chipta olishga ulgurganligini aytgan.
“Onlayn koʻrdik, chipta yoʻqligi uchun kassaga kelishga majbur boʻldik”, — degan talabalardan biri. Boshqa talaba esa chegirmali chipta ololmagani ortidan qoʻshimcha vagonlar qoʻshilish yoki qoʻshilmasligini bilish uchun temiryoʻl kassasiga kelganini aytgan.
“Toshkent—Andijon yoʻnalishida 25-dekabrdan 31-dekabrgacha chiptalar qolmagan. Ammo Toshkent—Qoʻqon yoʻnalishida bor ekan”, — deydi talaba yigitlardan biri.
“Oʻzbekiston temiryoʻllari” AJ chegirma eʼlon qilgan vaqtda talabalar agar chegirmali chipta xarid qilmoqchi boʻlsa, temiryoʻl kassalariga pasport bilan kelishini soʻragan. Talabalar esa pasportdan tashqari oʻqish joyidan va doimiy roʻyxatdan oʻtganligi haqidagi maʼlumotnomalar ham soʻralayotganini bildirgan. Boshqasi esa talabalik guvohnomasi yetarli ekanligini qayd etgan.
Termiz shahriga ketmoqchi boʻlgan boshqa bir talaba 31-dekabrgacha chiptalar qolmaganini, faqat 2025-yil yanvariga qaytish chiptalari borligini aytgan. Bundan tashqari talabalar kassalarda xizmat koʻrsatish sifati boʻyicha fikrini bildirib, bitta chipta sotib olish uchun oʻrtacha 1 soat vaqt ketganini maʼlum qilgan.
“Men chegirma eʼlon qilinishidan oldin chipta sotib olgandim, hozir chipta narxi miqdorining yarmini qaytarib olmoqchi edim, imkoni yoʻqligini aytishdi”, — deydi talabalardan biri.
Tahririyat chegirmali chiptalar qolmagani yuzasidan “Oʻzbekiston temiryoʻllari” AJ matbuot xizmati bilan bogʻlangan. Maʼlum qilinishicha, chiptalar qolmagani talabalar sonining koʻpligi bilan bogʻliq. Taʼkidlanishicha, qishki taʼtil kunlarida qancha chegirmali chiptalar ajratilgani boʻyicha aniq maʼlumot mavjud emas. Shuningdek, qoʻshimcha vagonlar va ularda boʻlishi kutilayotgan oʻrinlar soniga bir necha kundan keyin aniqlik kiritilishi aytilgan.