Qisqarishga tushgan psixolog, kutubxonachi hamda laborantlarning qanday huquqlari bor? - Ta’lim xabarlari
Qisqarishga tushgan psixolog, kutubxonachi hamda laborantlarning qanday huquqlari bor?

Ma’lumki, hozirgi kunda umumta’lim muassasalaridagi kutubxonachi, psixolog hamda laborant lavozimlari qisqarishga tushganligi uchun xodimlarga ogohlantirish xatlari berish boshlangan bo‘lishi mumkin.

 

Bu maqolada qisqarishga tushgan xodimlarning huquqlari bo‘yicha quyidagi savollarga javob olasiz:

 

O‘z xohishi bilan ishdan bo‘shagan holda ariza yozish kerakmi?

 

Qanday holda ikki oylik kompensatsiya olish mumkin?

 

Ishdan bo‘shatish nafaqasi beriladimi?

 

Qanday holatda dekabrgacha bo‘lgan 3 oy muddatda kompensatsiya olish mumkin?

 

Talim muassasalarida shtatlar qisqarishi mavzusida xalq talim info kanalida o‘tkazilgan ovozli chatda mehnat huquqi bo‘yicha mutaxassis Muhammadamin Karimjonov ushbu savollarga oydinlik kiritdi.

 

Ish beruvchi hozircha o‘z xohishingizga ko‘ra bo‘shashga ariza yozib turing, keyin yana qayta ishga olaman deb va’da bermoqda, bunda 2 oylik kompensatsiya va boshqa pullar qanday tartibda to‘lanadi?

 

Agar ariza yozib, o‘z xohishingiz bilan ya’ni Mehnat kodeksi (MK)ning 160- moddasi bilan ogohlantirish bo‘shasangiz, sizga muddatining davomiyligiga muvofiq keladigan pulli kompensatsiya ham (MK 165-modda), ishdan bo‘shatish nafaqasi ham (MK 173- modda), mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin 2-3-oylar uchun avvalgi ish joyingizdan o‘rtacha oylik ish haqi ham (MK 100-modda) to‘lab berilmaydi.

 

“Bu yerda ish beruvchining asl maqsadi xodimga kafolatli to‘lovlarni to‘lamaslikdir. Shuning uchun ish beruvchining aldovi va yolg‘on va’dalariga uchmang! Qisqarishga tushgan bo‘lsangiz, ariza yozmang, mehnat shartnomasini belgilangan tartibda MK 161-moddasi 2-qismi 2- bandi bilan bekor qilishni so‘rang”-deydi mutaxassis.

 

Demak, qisqarishga tushgan xodimni qonuniy bo‘shatish aslida qanday bo‘lishi kerak, bo‘shatilgan xodimlarga qanday kafolatlar berilishi kerak?

 

Avvalo, MK 161-moddasi 2-qismining 2- bandi bo‘yicha mehnat shartnomasining bekor qilinishi, texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlarning ishlar hajmining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Qayd etilgan ushbu sabablar mavjud bo‘lgandagina sud haqiqatda xodimlar soni (shtati) yoki ishlar hajmining o‘zgarishi sodir bo‘lgan deb topadi.

 

Shuningdek, MK 144-moddasiga ko‘ra, qisqarishga tushgan xodimga ish beruvchi xodimga uning mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan boshqa ishga o‘tkazishni, bunday ish bo‘lmagan taqdirda esa ish beruvchida mavjud bo‘lgan boshqa ishni taklif etishi shart.

 

Aytaylik, tashkilotda boshqa ish yo‘q yoki xodim boshqa ishni rad qildi. Bu holatda ish beruvchi MK 165-moddasiga ko‘ra, ogohlantirish muddatini uning davomiyligiga muvofiq keladigan pulli kompensatsiya bilan almashtirishga haqlidir. Demak, “haqlidir” so‘ziga e’tibor bering! Ya’ni ogohlantirish muddatini pulli kompensatsiya bilan almashtirish ish beruvchining huquqi hisoblanadi.

 

Bunda xodim bilan kelishish shart emas. Eski Mehnat kodeksining 102-moddasiga ko‘ra, oldin bu holatda xodim bilan kelishilar edi. Ko‘pchilik eski kodeksning mana shu talabiga chalg‘imoqda. Demak, yangi kodeksning 165-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi istasa kamida 2 oy kutadi, istasa ogohlantirish muddatini mutanosib pulli kompensatsiya bilan alishtirib, shartnomani bekor qiladi.

 

Diqqat! Mehnat shartnomasini bekor qilishdan avval, agar jamoa kelishuvida shartnomasida yoki jamoa mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, MK 164-moddasida belgilangan tartibda kasaba uyushmasi qo‘mitasi roziligini olish ham zarur.

 

Bundan tashqari, xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida, ta’tilda bo‘lgan paytida, shuningdek, MK 163- moddasida nazarda tutilgan boshqa holatlarda mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi.

 

Masalan, mehnat shartnomasi 3- dekabrdan bekor qilinishi haqidagi ogohlantirish xati bilan xodim 3- oktyabrda yozma tarzda ogohlantirildi. Tashkilotda bo‘sh (vakant) ish o‘rin yo‘q. MK 164-moddasiga ko‘ra, qisqarishga tushgan xodimni bo‘shatish uchun kasaba uyushmasi roziligi olindi (kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligi talab etilmaydigan mustasno) holatlar ham bor.

 

Ish beruvchining xohishi asosida ogohlantirish muddati pulli kompensatsiyaga almashtirildi va xodim bilan mehnat shartnomasi 3-oktyabrdan bekor qilindi. Xodimga 2 oylik (oktyabr, noyabr) mutanosib ogohlantirish muddatiga ravishda pullik kompensatsiya va 1 oylik (oktyabr) ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘landi.

 

Agarda xodim, ishga joylashmaganligini mehnat daftarchasi yoxud elektron mehnat daftarchasining ko‘chirma nusxasi bilan tasdiqlasa (elektron mehnat daftarchasining ko‘chirma nusxasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirish my.mehnat.uz elektron manzili bo‘yicha elektron mehnat daftarchasining noyob raqamini kiritish yoki mobil telefon yordamida QR-kodni skaner qilish orqali amalga oshiriladi), Mehnat kodeksining 100-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan 2-oy (noyabr) uchun o‘rtacha oylik ish haqini dekabr oyida olish huquqiga ega bo‘ladi.

 

Ushbu xodim, mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng 30 kalendar kun ichida, ya’ni 3-oktyabrdan 2- noyabrgacha bo‘lgan muddatda mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa va yanvar oyida bu to‘g‘risida mehnat organining ma’lumotnomasini taqdim qilsa, unga 3-oy (dekabr) uchun ham ilgarigi ish joyidan o‘rtacha oylik ish haqi yanvar oyida to‘lab beriladi.

 

Yanada soddaroq qilib, shartli pul summasida tushuntiramiz. Qisqarishga tushgan xodimning o‘rtacha oylik haqini shartli ravishda 3 million deb olamiz.

 

2 oylik ogohlantirish muddati (oktyabr, noyabr oylari) pulli kompensatsiyaga almashtirildi va siz bilan shartnoma 3- oktyabrda bekor qilindi. Sizga 2 oylik kompensatsiya, ya’ni 6 million so‘m to‘lanadi. Yana bir bor eslatib o‘taman: ogohlantirish muddatini pullik kompensatsiyaga almashtirish ish beruvchining xohishi asosida amalga oshiriladi.

 

Sizga 1-oy (oktyabr) uchun MK 173- moddasi bo‘yicha ishdan bo‘shatish nafaqasi ham to‘lab beriladi. Ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori mazkur ish beruvchidagi ish stajiga bog‘liq bo‘ladi (MK 442, 494, 499, 506, 511, 518- moddalarida alohida istisnoli holatlar belgilangan).

 

E’tibor bering umumiy mehnat staji emas, aynan mazkur ish beruvchidagi ish staji. Aytaylik, Siz mazkur ish beruvchida 6 yildan berib ishlab kelayotgan edingiz. Besh yildan o‘n yilgacha mazkur ish beruvchidagi ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizidan kam bo‘lishi mumkin emas.

 

Demak, MK 172, 254-moddalariga ko‘ra, Sizga 2 oylik kompensatsiya, ya’ni 6 million so‘m hamda 3 mln so‘m ishdan bo‘shatish nafaqasi, jami 9 mln so‘m shartnoma bekor qilingan kuni 3- oktyabr kuni to‘lab beriladi. Ish qidirish davrida 2-oy (noyabr) oyi uchun ham o‘rtacha oylik ish haqingiz 3 mln saqlab qolinadi. Lekin bu pul dekabr oyida to‘lab beriladi. Chunki Siz noyabr oyida ishga joylashmaganligingizni asoslab berishingiz lozim.

 

Agar siz mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng 30 kalendar kun ichida, ya’ni 3-oktyabrdan 2- noyabrgacha bo‘lgan muddatda mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsangiz va yanvar oyida bu to‘g‘risida mehnat organining ma’lumotnomasini taqdim qilsangiz, sizga 3-oy (dekabr) uchun ham ilgarigi ish joyingizdan 3 mln so‘m o‘rtacha oylik ish haqi yanvar oyida to‘lab beriladi.

 

Shunda sizga 2 oylik ogohlantirish muddati (oktyabr, noyabr oylari uchun) pulli kompensatsiya 6 mln + 1-oy (oktyabr) uchun 3 mln so‘m ishdan bo‘shatish nafaqasi + 2-oy (noyabr) uchun 3 mln +3-oy (dekabr) uchun 3 mln (mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng 30 kalendar kun ichida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsangiz), jami 15 mln to‘lab beriladi.

 

“Shuning uchun, shartnomani MK 161- moddasi 2-qismi 2-bandiga ko‘ra bekor qilinishini talab qiling, O‘z tashabbusingiz bilan ariza yozib bo‘shamang” deya ta’kidladi Muhammadamin Karimjonov.

 

Bulardan tashqari, qisqarishga tushgan xodim ishdan bo‘shagan kundan boshlab 6 oy ichida tashkilotda xodim ilgari egallagan o‘sha mutaxassislik va malaka bo‘yicha bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari paydo bo‘lgan bo‘lsa, ish beruvchi qisqarishga tushib ishdan bo‘shatilgan xodimni qayta ishga qabul qilishi shart.

 

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры