Vazir jamg‘armasidan har oylik ustama olish uchun tanlab olingan 1697 nafar o‘qituvchilar ro‘yxati e’lon qilinganidan so‘ng, “Vazir jamg‘armasidan har oylik ustama olishga nomzodlar qanday saralangan? Keyinchalik ushbu ustamaga nomzod bo‘lish uchun nima qilish kerak?” degan savollar uyg‘ongan.
Hukumat qaroriga (№425, 02.08.2022) ko‘ra vazir jamg‘armasi uchun nomzodlarga kvotalar maktabning bitiruvchi-o‘quvchilari tomonidan tegishli o‘quv yili qabulida oliy ta’lim muassasalariga, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlarida qayd etgan natijalariga muvofiq taqsimlangan.
Davlat test markazi va Prezident ta’lim muassasalari agentligi taqdim etgan kirish imtihoni natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga asosan vazirlik 2023 yilda Vazir jamg‘armasidan oylik ustama oladigan pedagoglarning soni 2000 nafar etib belgilangan va bu kvota «Boshlang‘ich ta’lim», «Aniq va tabiiy fanlar», «Xorijiy tillar», «Ijtimoiy fanlar» va «Amaliy fanlar» yo‘nalishlari bo‘yicha tuman (shahar)lar bo‘yicha taqsimlangan.
Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha hududiy kengashlar ushbu kvotaga asosan nomzodlarni vazirlikka taqdim etgan.
Qarorga ko‘ra, har bitta yo‘nalish bo‘yicha tegishli tuman (shahar) uchun belgilangan har bitta kvota o‘rniga ko‘pi bilan uchta nomzodni taqdim etilishi mumkin.
Nomzodlar orasidan ustama to‘lanadigan pedagoglarni tanlab olish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
1-bosqich — zarur hollarda, nomzodlarning dars beradigan umumta’lim fani bo‘yicha bilim darajasini baholash uchun test sinovlari o‘tkaziladi;
2-bosqich — umumta’lim fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat o‘tkaziladi. Suhbat o‘tkazish tartibi va mezonlari vazirning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Ushbu ustamaga nomzod bo‘lish uchun o‘quvchilaringiz OTM va Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlarida yuqori ball olishi lozim.