Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy islohotlar doirasida taʼlim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining qator Kodeks hamda Qonunlari, jumladan Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni 43-moddasiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha orqali nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini tekshirish Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilgan holda amalga oshirilishini belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi 53-moddasi uchinchi qismiga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, endilikda maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tegishli maqsadlar uchun berilgan yerlar hamda suv fondi yerlari fermer xoʻjaliklariga berilmasligi belgilandi.
Shuningdek, qabul qilingan yangi Qonunga koʻra:
➖ taʼlim tashkilotlarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasi, shuningdek kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishning yangi mexanizmi joriy etildi;
➖ davlat taʼlim standartining nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari tomonidan majburiy bajarilishi belgilandi.