Shavkat Mirziyoyev kecha maktabgacha ta’limni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda quyidagilar taklif etildi:
– bog‘chalar qamrovini kengaytirish maqsadida maktablarning bo‘sh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat beriladi;
– bog‘chalardagi pedagoglarning katta qismi o‘rta maxsus ma’lumotli. Shu sababli, bu yo‘nalishdagi oliy ta’limda dual ta’lim shakli ochiladi, sirtqi va kechki o‘quvlarda maqsadli kvotalar oshiriladi;
– o‘quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlash doirasida terma jamoalarga chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi, xorijiy jamoalar bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkaziladi;
– bugungi kunda 22 ta xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Endi mukofotlanadigan olimpiadalar soni 28 taga oshiriladi;
– respublika va xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari va terma jamoa rahbarlariga to‘lanadigan pul mukofotlari hamda sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi.