Tuman-shahar “Kelajak” markazlari direktori lavozimiga nomzodlar uchun tanlov e’lon qilindi. Tanlovda oliy ma’lumotga va kamida 3 yillik mehnat tajribasiga ega nomzodlar ishtirok etishi mumkin.
Xabaringiz bor, tuman-shahar “Kelajak” markazlari direktori lavozimi uchun tanlov ikki bosqichda — test sinovi va suhbat shaklida o‘tkaziladi.
Nomzodlardan arizalar 3-sentabrdan 18-sentabrgacha tanlov.uzedu.uz platformasi orqali qabul qilinadi.
Tanlovning avvalgi mavsumida ishtirok etgan nomzodlarning test bosqichida to‘plagan bali 6 oy davomida saqlanadi. Bunda avvalgi mavsumda ishtirok etgan talabgor ham ushbu tanlovda qatnashish uchun tanlov.uzedu.uz platformasi orqali qayta ariza topshirishi lozim. Agar boshqa ishtirokchilarning test natijalari undan past bo‘lsa, nomzod avvalgi tanlovda to‘plagan bali bilan suhbat bosqichiga tavsiya etiladi.
Agar ikki nafar boshqa nomzod undan yuqori ball to‘plasa, avvalgi natijasi bilan suhbat bosqichiga tavsiya etilmaydi.
Shuningdek, nomzod tizimga xatolik bilan boshqa hududni kiritib qo‘ygan bo‘lsa, hududiy “Kelajak” markazlariga asoslantirilgan holda ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Maktab maslahatchisi lavozimiga ariza topshirgan nomzod bir vaqtning o‘zida tuman-shahar “Kelajak” markazi direktori lavozimi uchun ham ariza topshirishi mumkin. Biroq nomzod ushbu lavozim uchun belgilangan malaka talablariga javob berishi lozim.
Ma’lumot uchun, tuman (shahar) “Kelajak” markazi direktorlari markazning maqsad va vazifalarini hududlarda amalga oshirish, bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali tashkil etish, ularni intellektual jihatdan yetuk, Vatanga sadoqatli, tarix va milliy madaniyatimizga hurmat ruhida tarbiyalashga mas’ul hisoblanadi.
