100 nafar obodonlashtirish xodimining farzandi yoki nevarasining bir yillik kontrakti to‘lab beriladi

100 nafar obodonlashtirish xodimining farzandi yoki nevarasining bir yillik kontrakti to‘lab beriladi

“Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovida g‘olib bo‘lgan xodimlarning davlat OTMlarida kontrakt asosida o‘qiyotgan farzandlari yoki nevaralarining bir yillik o‘qish to‘lovi qoplab beriladi. Tanlovda sanitar tozalash va obodonlashtirish sohasida kamida 10 yil samarali mehnat qilgan ishchi-xodimlar ishtirok etishi mumkin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi PF–5-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi o‘tkaziladi.

 

Tanlovda ko‘p yillar davomida sanitar tozalash va obodonlashtirish sohasida fidokorona mehnat qilgan xodimlarni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. Xususan, chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini amalga oshirayotgan, shuningdek, obodonlashtirish boshqarmalarida faoliyat yuritayotgan hamda kamida 10 yil samarali mehnat qilgan xodimlar tanlovda qatnashishi mumkin.

 

Tanlov g‘oliblarining davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan farzandlari yoki nevaralarining bir yillik kontrakt to‘lovi qoplab beriladi. Bunda to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan oshmasligi belgilangan.

 

Mazkur imtiyozdan foydalangan talabalar kelgusida davlat organlari va tashkilotlarida kamida 3 yil ishlab berish majburiyatini oladi.

 

Tanlovda ishtirok etish uchun arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

 

— nomzodning biometrik pasporti yoki ID-kartasi nusxasi;

 

— 3×4 sm o‘lchamdagi rangli fotosurat;

 

— ma’lumotnoma (obyektivka);

 

— nomzodning so‘nggi 3 yil davomida amalga oshirgan ishlari, erishgan natijalari va tashabbuslari aks ettirilgan tavsifnoma;

 

— farzandi yoki nevarasining davlat oliy ta’lim muassasasida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma hamda shartnoma nusxasi;

 

— davlat oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan shaxsning nomzodga qarindoshligini tasdiqlovchi hujjat.

 

Arizalar 2026-yil 1-sentabrdan 1-oktabrgacha sanitar tozalash korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalarida qabul qilinadi.