Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Yaponiya taʼlim dasturlari asosida xalqaro xususiy maktab, texnikum va Yangi texnologiyalar universitetini oʻz ichiga olgan taʼlim klasterini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Tegishli loyiha jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Muhokamalar portaliga ‘‘Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Yaponiya davlati bilan hamkorlikda xalqaro xususiy taʼlim klasterini tashkil etish toʻgʻrisida’’gi loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Loyihaga koʻra, Surxondaryo viloyati Termiz shahri, Shodlik MFY, Taraqqiyot koʻchasi, 20-g uyda joylashgan binoda Yaponiya taʼlim dasturlari asosida xalqaro xususiy taʼlim klasterini tashkil etiladi.
Taʼlim klasteri tarkibida bosqichma-bosqich quyidagi muassasalarni tashkil etish rejalashtirilgan:
— xalqaro xususiy maktab;
— Kaydzen konsepsiyasi asosida texnikum;
— Yangi texnologiyalar universiteti;
— Yaponiya madaniy va biznes markazi.
2026/2027-oʻquv yilidan Surxon sanoat qurilish kompaniyasi, Yaponiyaning “Alpha Japanese language institute” tashkiloti va Oʻzbekiston-Yaponiya markazi bilan hamkorlikda xalqaro xususiy maktab va Kaydzen konsepsiyasi asosida Termiz xalqaro texnikumi tashkil etiladi.
Shuningdek, 2027/2028-oʻquv yiliga qadar Yaponiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri bilan hamkorlikda Yangi texnologiyalar universitetini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Loyihaga koʻra, klaster tarkibidagi taʼlim muassasalari nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun belgilangan tartibda litsenziya olgan holda faoliyat yuritadi.
Ularning oʻquv dasturlari tegishli vazirliklar bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi. Taʼlim jarayoniga mahalliy va xorijiy malakali pedagoglar hamda ekspertlarni jalb qilish ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, klaster tarkibidagi taʼlim muassasalari bitiruvchilariga Oʻzbekistonda tan olinadigan davlat namunasidagi diplom va tegishli sertifikatlar berilishi belgilangan.
