Yengil sanoat va tadbirkorlik yo‘nalishida yangi davlat universiteti tashkil etiladi

Yengil sanoat va tadbirkorlik yo‘nalishida yangi davlat universiteti tashkil etiladi

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti negizida Toshkent davlat yengil sanoat va tadbirkorlik universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Yangi oliygohda dual ta’lim, xalqaro qo‘shma dasturlar hamda ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan ta’lim tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

 

Muhokamalar portaliga ‘‘Yengil sanoat va tadbirkorlik sohalarida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’’ Prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

 

Loyihaga ko‘ra, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti negizida Toshkent davlat yengil sanoat va tadbirkorlik universiteti tashkil etiladi. Universitet muhandislik, dizayn, sanoat texnologiyalari, sanoat iqtisodiyoti, biznes boshqaruvi hamda logistika yo‘nalishlariga ixtisoslashtiriladi.

 

Universitetning asosiy vazifalari sifatida mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, dual ta’lim tizimini rivojlantirish hamda yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish belgilangan.

 

Qaror loyihasiga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab universitetda dual ta’lim shaklida o‘qitish ish beruvchilar buyurtmasi asosida tashkil etiladi.

 

Unga ko‘ra:

 

— dual ta’limga qabul korxonalar buyurtmasi asosida universitetda o‘tkaziladigan suhbat natijalariga ko‘ra to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

 

— dual ta’limga faqat tanlangan ta’lim yo‘nalishi yoki mutaxassisligiga mos yo‘nalishda muayyan korxona (tashkilot)da mehnat faoliyatini olib borayotgan talabgorlar qabul qilinadi;

 

— universitet, korxona va talaba o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi;

 

— korxona talabaning o‘qish jarayoni va mehnat faoliyati uchun zarur sharoitlarni yaratishi hamda o‘qishni tamomlagach uni ish bilan ta’minlashi belgilangan;

 

— talaba esa o‘qishni tamomlagandan so‘ng buyurtmachi korxonada ishlab berish majburiyatini oladi.

 

Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Turkiyaning Ege universiteti bilan hamkorlikda ‘‘Yengil sanoat muhandisligi’’ yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

 

Loyihada universitet faoliyatini raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, ma’ruzalarning video bazasi va elektron o‘quv resurslari yaratilishi, hujjat aylanishining to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishi, 360 darajali virtual tur hamda ‘‘smart-xatlov’’ tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

 

Bundan tashqari, universitet huzurida ‘‘Yosh muhandislar maktabi’’, yengil sanoat uchun raqamli yechimlar ishlab chiqishga mo‘ljallangan o‘quv-amaliy laboratoriya hamda ‘‘Universitet – laboratoriya – Palata – korxona’’ ekotizimi tashkil etiladi.