Nukus shahridagi Prezident maktabiga kirish imtihonlari vaqtida test materiallari yetishmagani sababli ayrim binolarda imtihon 54 daqiqa kech boshlandi. Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi test materiallari imtihon hududidan tashqariga olib chiqilmagani va ularning maxfiyligi to‘liq ta’minlanganini ma’lum qildi.
Respublika bo‘ylab Prezident maktablariga kirish imtihonlarining ikkinchi asosiy bosqichi belgilangan tartibda o‘tkazildi. Jumladan, Nukus shahridagi Prezident maktabiga kirish imtihonlari ham reja asosida tashkil etildi.
Ma’lum qilinishicha, qabul jarayoniga tayyorgarlik davomida o‘tgan yillardagi statistik tahlillar asosida Cambridge University Press & Assessment tomonidan test materiallari o‘zbek, qoraqalpoq va ingliz tillarida oldindan tayyorlanib, O‘zbekistonga yetkazilgan.
Biroq imtihon o‘tkazilgan binolardan birida o‘zbek tilida test topshiruvchi talabgorlar soni dastlabki prognozdan ko‘proq bo‘lgani sababli mavjud test materiallari yetarli bo‘lmagan. Shu bois tasdiqlangan yo‘riqnoma talablariga muvofiq, yetishmagan testlar imtihon hududidan tashqariga olib chiqilmagan holda, Milliy gvardiya xodimlari kuzatuvida binodagi printer orqali ko‘paytirilgan.
Mazkur texnik jarayon sababli imtihon belgilangan vaqtdan 54 daqiqa kechroq boshlangan.
Jarayon davomida ayrim ota-onalar test materiallari tashqariga olib chiqilgani yuzasidan e’tiroz bildirgan.
Shu munosabat bilan ma’lum qilamizki, test materiallari imtihon hududidan tashqariga olib chiqilmagan, uchinchi shaxslarga berilmagan hamda ularning maxfiyligi to‘liq ta’minlangan. Nusxa olish jarayoni mas’ul xodimlar va Milliy gvardiya vakillari ishtirokida belgilangan tartib asosida amalga oshirilgan. Jarayonning barchasi videokuzatuv kameralari orqali qayd etilgan.
Mazkur texnik jarayon sababli imtihon belgilangan vaqtdan 54 daqiqa kechroq boshlandi. Bunda barcha talabgorlar uchun teng sharoit yaratildi va imtihon amaldagi tartib hamda belgilangan talablar asosida o‘tkazildi, — deyiladi agenlik munosabatida.
