Bugun 2026/2027-o‘quv yili uchun akademik litseylarga hujjat topshirish jarayonlari yakunlanadi

Bugun 2026/2027-o‘quv yili uchun akademik litseylarga hujjat topshirish jarayonlari yakunlanadi

2026/2027-o‘quv yili uchun akademik litseylarga hujjatlar qabuli bugun, 10-iyul kuni soat 23:59 da yakunlanadi. 10-iyul soat 12:20 holatiga ko‘ra, akademik litseylarda o‘qish istagini bildirgan talabgorlardan jami 48 233 ta ariza kelib tushgan. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

 

2026/2027-o‘quv yili qabuli doirasida akademik litseylarga hujjatlar my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinmoqda. Bugun soat 23:59 ga qadar ro‘yxatdan o‘tishga ulgurmagan talabgorlar tizim orqali ariza yuborishlari mumkin.

 

10-iyul soat 12:20 holatiga ko‘ra, akademik litseylarda o‘qish uchun jami 48 233 nafar talabgor hujjat topshirgan. Shundan 22 962 nafari (47,6 foiz) o‘g‘il bolalar, 25 271 nafari (52,4 foiz) esa qizlarni tashkil etmoqda.

 

Joriy yilda respublika bo‘yicha 69 ta akademik litseyda 18 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qabul tashkil etilgan bo‘lib, umumiy qabul kvotasi 14 898 o‘rinni tashkil etadi.

 

Hududlar kesimida eng ko‘p ariza Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu hududdan 9 807 ta (20,3 foiz) ariza qabul qilingan. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 4 686 ta (9,7 foiz), Qashqadaryo viloyati — 4 606 ta (9,5 foiz), Samarqand viloyati — 3 989 ta (8,3 foiz) hamda Farg‘ona viloyati — 3 912 ta (8,1 foiz) qayd etilgan.

 

Talabgorlar roʻyxatdan oʻtish jarayonida tizimga ID karta yoki tug‘ilganlik haqida guvohnoma ma’lumotlarini kiritishlari va quyidagi hujjatlarni elektron shaklda (PDF, JPEG) yuklashlari lozim:

 

  • 3,5×4,5 cm oʻlchamdagi 1 ta rangli fotosurat;
  • O‘qishga imtiyozli kirish huquqini beruvchi hujjatlar — fan olimpiadasi gʻolibi ekanligini tasdiqlovchi diplom, chet tili va umumtaʼlim fanlarni bilish darajasi toʻgʻrisidagi milliy yoki xalqaro sertifikat (mavjud boʻlsa).

 

Tizimga shaxsiy ma’lumotlar kiritilganda tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotlar FHDYO bazasidan, maktab va shahodatnoma haqidagi ma’lumotlar esa e-shahodatnoma.uz axborot tizimi orqali avtomatik tarzda olinadi.

 

Yo‘nalish tanlash tartibi

 

Ro‘yxatdan o‘tishda abituriyentlarga uchtagacha akademik litseyning ta’lim tili bir xil bo‘lgan bittadan mos yo‘nalishini (barcha tanlangan litseylarda ta’lim tili bir xil bo‘lishi shart) tanlash imkoniyati beriladi.

 

Abituriyentning to‘plagan ballari u tanlagan birinchi akademik litseyga yetarli bo‘lsa, u yerga o‘qishga qabul qilinadi va uning natijalari o‘sha litseyda e’lon qilinadi. Bunday holatda uning ikkinchi va uchinchi litseylar tanlovida ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.

 

Agar ballari birinchi va ikkinchi litseylarga yetmay, uchinchi litseyga yetarli bo‘lsa, uning natijalari faqat uchinchi akademik litsey yo‘nalishida e’lon qilinadi.

 

Eslatma: akademik litseylarga hujjatlar qabuli bugun, 10-iyul kuni soat 23:59 da yakunlanadi. Hujjat topshirmoqchi bo‘lgan talabgorlar belgilangan muddatni o‘tkazib yubormasliklari tavsiya etiladi.