Ertaga 2026-2027-o‘quv yili uchun akademik litseylarga hujjat topshirish yakunlanadi

Ertaga 2026-2027-o‘quv yili uchun akademik litseylarga hujjat topshirish yakunlanadi

Ertaga, 10-iyul kuni 2026/2027-o‘quv yili uchun akademik litseylarga hujjatlarni qabul qilish jarayoni yakunlanadi. Nomzodlar arizalarni my.edu.uz portali orqali topshirishlari mumkin.

 

Xabaringiz bor, 10-iyun sanasidan boshlab 2026/2027-o‘quv yili uchun akademik litseylarga qabul boshlangan edi. Hujjatlar qabuli ertaga, 10-iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

 

Talabgorlar hujjatlarini my.edu.uz portali orqali onlayn tarzda topshirishi mumkin.

 

Talabgorlar ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tizimga ID karta yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlarini kiritishi hamda quyidagi hujjatlarni elektron shaklda (PDF, JPEG) yuklashi lozim:

 

— 3,5×4,5 sm o‘lchamdagi 1 ta rangli fotosurat;

 

— o‘qishga imtiyozli kirish huquqini beruvchi hujjatlar (mavjud bo‘lsa): fan olimpiadasi g‘olibi ekanini tasdiqlovchi diplom, chet tili yoki umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatlar.

 

Tizimga kiritilgan shaxsiy ma’lumotlar avtomatik tarzda tekshiriladi. Tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotlar FHDYO organlari bazasidan, maktab va shahodatnoma ma’lumotlari esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining e-shahodatnoma.uz axborot tizimidan olinadi.

 

Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar uchtagacha akademik litseyni tanlash imkoniyatiga ega. Bunda tanlangan barcha akademik litseylarda ta’lim tili bir xil bo‘lishi lozim.

 

Shuningdek, talabgorlar kirish test sinovini qaysi chet tilidan topshirishini ham ro‘yxatdan o‘tish vaqtida belgilaydi.

 

Eslatib o‘tamiz, 2026/2027-o‘quv yili uchun respublikadagi 69 ta akademik litseyga jami 14 898 ta qabul kvotasi ajratilgan.

 

Shundan:

 

— o‘zbek tili — 12 116 ta;

 

— rus tili — 2 340 ta;

 

— qoraqalpoq tili — 442 ta.

 

Akademik litseylarga kirish test sinovlarida abituriyentlarga jami 60 ta test topshirig‘i beriladi. Shundan 20 tasi intellektual qobiliyat (IQ), 40 tasi esa ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan bo‘yicha bo‘ladi.

 

Ma’lumot uchun, bugungi kungacha akademik litseylarga 47 212 ta ariza kelib tushgan.