Namangandagi maktabda noqonuniy pul yig‘ilgani haqidagi xabar yuzasidan o‘rganish boshlandi

Namangandagi maktabda noqonuniy pul yig‘ilgani haqidagi xabar yuzasidan o‘rganish boshlandi

Namangan shahridagi 20-sonli umumta’lim maktabida noqonuniy pul yig‘ilayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan xizmat o‘rganishi boshlandi. Holatni o‘rganish uchun viloyat MMTB boshlig‘i boshchiligida ishchi guruh tuzilgan.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahridagi 20-sonli umumta’lim maktabida noqonuniy pul mablag‘lari yig‘ilayotgani haqida tarqalgan tarqalgan edi.

 

Mazkur xabarlar yuzasidan viloyat MMTB rasmiy munosabat bildirib, xizmat o‘rganishi boshlanganligini ma’lum qildi.

 

Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qilishicha, holatni har tomonlama, xolis va qonunchilik talablari asosida o‘rganish maqsadida boshqarma boshlig‘i A’zamjon Isakov boshchiligida ishchi guruh tuzilgan.

 

Qayd etilishicha, ayni paytda mazkur holatga oid tegishli hujjatlar, mavjud ma’lumotlar hamda boshqa dalillar belgilangan tartibda o‘rganilmoqda.

 

Boshqarma o‘rganish yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishini ma’lum qilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi maktablarda ham taʼmirlash ishlari uchun oʻquvchilardan 100 ming soʻmdan mablagʻ yigʻilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish natijasida mazkur maʼlumot oʻz tasdigʻini topmagan edi.