Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro viloyatiga qilingan tashrif natijadorligini oshirish, muqobil energiya manbalarini joriy etish hamda sanoat korxonalari uchun jozibador sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda aytilgan muammolarning sababi ham, yechimi ham professional kadrlar tayyorlash bilan bevosita bog‘liq, dedi davlatimiz rahbari.
Qayd etilishicha, kasbga o‘qitish mehnat bozoridagi talab va yoshlar qiziqishini hisobga olmasdan, mavjud o‘qituvchilar doirasida amalga oshirilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Yoshlarning atigi 2 foizi dual ta’lim shaklida o‘qitiladi, viloyatdagi 30 ming korxonadan 350 tasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, xolos. Natijada quvvati 28 ming o‘quvchi bo‘lgan kollej va texnikumlarga qabul 50 foizga yetmaydi.
Shu munosabat bilan quvvatidan to‘liq foydalanmayotgan o‘quv binolari va xonalari tadbirkorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berilishi belgilandi. Tushgan mablag‘lar binolarni ta’mirlash va uskunalar xarid qilishga sarflanadi. Yagona shart – bu yerda yoshlarni kasbga o‘qitib, ishli qilish.
Mutasaddilarga bu imkoniyatdan foydalanib, bu yil 30 ta kollej va texnikumda xususiy o‘quv kurslarini boshlash topshirildi.
Maktab, kollej, texnikum va oliygohlarda yoshlar ishlab chiqarayotgan tovarlarni davlat xaridi platformalarida sotishdagi cheklovni olib tashlash vazifasi qo‘yildi.