Bugun ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun tavsiyanoma olishga ariza topshirishning oxirgi kuni

Bugun ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun tavsiyanoma olishga ariza topshirishning oxirgi kuni

Bugun ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga OTMga kirishda ajratilgan qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida beriladigan tavsiyanomalarni olish uchun ariza topshirish muddati yakunlanadi. Talabgorlar murojaatlarini bugun, 8-iyun kuni soat 23:59 ga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborishlari mumkin.

 

Xabaringiz bor, 16-maydan boshlab 4 ming nafar xotin-qiz uchun tavsiyanoma berish bo‘yicha arizalar qabuli boshlangan edi. Talabgorlar arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bugun soat 23:59 ga qadar onlayn yuborishlari mumkin.

 

Tavsiyanoma quyidagi 6 toifadagi talabgorlarga beriladi:

 

— “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning xotin-qizlari;

 

— to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning har ikkisi vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;

 

— turmush o‘rtog‘i vafot etgan va voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;

 

— nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;

 

— ikki va undan ortiq farzandni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;

 

— ota-onasidan biri yoki har ikkisi I yoki II guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

 

Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan, shuningdek, umumiy о‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatga ega bо‘lgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi. Ya’ni tavsiyanoma soni cheklanmagan.

 

Mazkur tavsiyanoma bir yil muddatga amal qiladi. O‘tgan yili tavsiyanoma olib, biroq o‘qishga kira olmagan xotin-qizlar joriy yilda uni olish uchun qayta murojaat qilishlari lozim.

 

Muhim: tavsiyanoma abituriyentga qo‘shimcha ball bermaydi. Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar o‘zaro alohida tanlov asosida bellashadi.

 

Shuningdek, tavsiyanoma mavjudligi o‘qishga 100 foiz kirish kafolatini anglatmaydi. Abituriyent belgilangan tartibda yetarli ball to‘plashi ham zarur.