2026-yil 11-aprel — 4-may kunlari o‘tkazilgan chet tilini bilish darajasini aniqlash imtihoni natijalari e’lon qilindi.
Xabaringiz bor, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan 2026-yil 11-12- va 18-19-aprel kunlari chet tili sertifikat imtihonlarining yozma bosqichi o‘tkazilgan edi. Imtihonning gapirish ko‘nikmasini baholash bosqichi esa 13-apreldan boshlanib, 4-maygacha davom etgan.
Mazkur imtihonlarda 66 ming 900 nafardan ziyod talabgor ishtirok etgan va 93 nafar talabgor tartib-qoidani buzgani uchun jarayondan chetlatilgan.
Talabgorlar o‘z natijalarini @milliy_sertifikat_natijabot orqali bilishlari va sertifikatni elektron tarzda yuklab olishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, sertifikatga ega abituriyentlarga OTMlarning bakalavriatiga kirish test sinovlarida quyidagi tartibda ball beriladi:
— A+, A darajali sertifikat uchun — tegishli mutaxassislik fanidan maksimal ball;
— B+, B, C+, C darajali sertifikat uchun — tegishli mutaxassislik fanidan proporsional ball;
— A+, A, B+, B, C+, C darajali sertifikat uchun — tegishli majburiy fandan maksimal ball.
Akademik litseylarga kirish test sinovlarida sertifikati mavjud o‘quvchilarga tegishli fandan maksimal ball beriladi.
O‘z natijasidan norozi bo‘lgan talabgorlar 3 kun mobaynida my.gov.uz sayti orqali apellyatsiya shikoyati berishlari mumkin. Apellyatsiya shikoyati ikki hafta ichida ko‘rib chiqiladi.
