Davlat va huquq asoslari fanidan oʻtkazilgan attestatsiya sinov materiallari ikki marta aprobatsiyadan oʻtkazilgan boʻlib, topshiriqlarning mazmuni, murakkablik darajasi, validlik va ishonchlilik koʻrsatkichlari belgilangan talablarga mosligi ekanligi maʼlum qilindi.
Davlat va huquq asoslari fanidan boʻlib oʻtgan attestatsiya sinovlaridagi test savollari yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlar tarqaldi.
Shu munosabat bilan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan oʻtkazilgan malaka sinov jarayonlari xususida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fikrlar Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan oʻrganib chiqilgan.
Maʼlum qilinishicha, mazkur fan boʻyicha berilgan test topshiriqlari amaldagi davlat taʼlim standartlari va fan dasturi asosida shakllantirilgan hamda ularni bajarish uchun ajratilgan (90 daqiqa) vaqt tasdiqlangan spetsifikatsiya talablariga mos.
Sinov materiallari ikki marta aprobatsiyadan oʻtkazilgan boʻlib, topshiriqlarning mazmuni, murakkablik darajasi, validlik va ishonchlilik koʻrsatkichlari belgilangan talablarga mosligi tasdiqlangan.
Eʼtirozga sabab boʻlgan “oferta” mavzusi umumtaʼlim maktabi 10-sinf darsligidagi “Shartnomada majburiyatlarning ifodalanishi” mavzusi doirasida batafsil yoritilgan. “Servetut” atamasi esa tasdiqlangan spetsifikatsiyada fuqarolik huquqi boʻyicha atamalarni aniqlash, huquqiy normalarni vaziyatlarda toʻgʻri qoʻllash va fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tahlil qilish talablari sifatida nazarda tutilgan.
«Mazkur tushunchaga oid savollarning malaka sinoviga kiritilishidan asosiy maqsad, oʻquvchi darajasini emas, aynan pedagogning mutaxassislik tayyorgarligi va amaldagi huquqiy bilimini baholashga qaratilgan» deb yoziladi markaz munosabatida.
Muhim: ayrim pedagoglarning oldin “Tarbiya”, “Milliy gʻoya” va boshqa turdosh fanlardan dars berganligi, ayni vaqtda oʻqitilayotgan “Davlat va huquq asoslari” fani boʻyicha bilimlarni toʻliq hajmda egallash va mazkur fanni davlat taʼlim standartlari hamda oʻquv dasturlari asosida oʻqitish majburiyatidan ozod etmaydi.
Eslatma! Avvalroq kimyo fani oʻqituvchilarining attestatsiya yuzasidan eʼtirozlariga Pedagogik mahorat markazi ovozli chatda izoh bergan edi.
