2027/2028 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga o‘qishga qabul qilishning yangi tizimi joriy qilinadi.
Bu haqda Prezidentining “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2026-yil 10-apreldagi PF–58-son Farmonida belgilangan.
Bunda:
– magistraturaga o‘qishga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabini saqlab qolish;
– oliy ta’lim tashkilotlariga tegishli ixtisoslik fanlari bo‘yicha qo‘shimcha imtihon o‘tkazish vakolatini berish;
– qo‘shimcha imtihon shakli, sinovlar dasturi hamda baholash mezonlari oliy ta’lim tashkiloti tomonidan mustaqil tasdiqlanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, Farmonda davlat oliy taʼlim tashkilotlariga quyidagi qoʻshimcha vakolatlarni berish nazarda tutilmoqda:
- davlat oliygohi prorektorlarini (mahalliy oliygohining filiali direktor oʻrinbosarlarini) oliy taʼlim tashkiloti rektori tomonidan lavozimga tayinlash;
- oʻz tizimidagi ilmiy-tadqiqot, malaka oshirish va qayta tayyorlash muassasalari rahbarlari, akademik litseylar direktorlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish;
- kafedralar shtat birliklari hamda professor-oʻqituvchilar oʻquv yuklamasining minimal miqdorlarini belgilash;
- 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab magistratura mutaxassisliklariga talabgorlarni qabul qilishda mutaxassislik fanlaridan imtihon shaklini belgilash;
- oʻqishi koʻchirilgan, qayta tiklangan, akademik mobillikdan qaytgan talabalarning oʻzlashtirilgan kreditlarni tan olish, aniqlangan farqlarni topshirish tartibini belgilash;
- xorijiy fuqarolarni oʻqishga qabul qilish shartlari va muddatlarini belgilash, ularga byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan grant kvotalarini ajratish va stipendiya belgilash;
- chet el fuqarolari uchun kontrakt toʻlovlari boʻyicha chegirmalar berish;
- xalqaro reyting tashkilotlari bilan oliygohni xalqaro reytingga kiritish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzish.
Avvalroq, endi bakalavriatni xorijiy tilda yakunlagan talabalardan taʼlimning keyingi bosqichida xorijiy til sertifikati so‘ralmasligi haqida xabar bergan edik.

