Prezidentning 2026-yil 10-apreldagi PF–58-son Farmoniga ko‘ra, Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Yoshlar innovatsiya markazi negizida Startaplarni qoʻllab-quvvatlash markazi tashkil etiladi.
Farmonga asosan, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etiladigan tanlovlarga kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqish jarayonlarida bosqichma-bosqich sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etiladi.
Raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish markazi oliy, kasbiy va oʻrta maxsus taʼlim sohasida axborot tizimlarini yaratish, sunʼiy intellektni joriy etish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator hisoblanadi.
Bunda:
- mavjud axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini oʻzaro integratsiya qilish orqali xavfsiz, barqaror va markazlashgan maʼlumot almashinuvini taʼminlaydigan yagona integratsiyalashgan raqamli ekotizim yaratiladi;
- “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish — HEMIS”, “Akademik litseylarda taʼlim jarayonlarini boshqarish – EMIS” va “Kasbiy taʼlim jarayonlarini boshqarish – EMIS KT” axborot tizimlari yagona integratsiyalashgan raqamli ekotizimning bosh axborot tizimlari hisoblanadi;
- Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar hamda taʼlim tashkilotlariga Raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish markazi bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzish huquqi beriladi;
- Vazirlik huzuridagi Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash ofisi faoliyati “jalb etish – saralash – takomillashtirish – moliyalashtirishga tavsiya etish – joriy etish” tamoyillari asosida tashkil etiladi.
Avvalroq, ushbu farmonga muvofiq endi ayrim talabalardan magistratura bosqichida oʻqish uchun chet tili sertifikati talab etilmasligi haqida xabar bergan edik.
