“Vaqtni miqdorga emas, balki sifatga yoʻnaltirdim”: Surxondaryoda yana bir oʻquvchi qiz muddatidan oldin 189 ballga ega boʻldi

“Vaqtni miqdorga emas, balki sifatga yoʻnaltirdim”: Surxondaryoda yana bir oʻquvchi qiz muddatidan oldin 189 ballga ega boʻldi

​Surxondaryoda yana bir oʻquvchi tegishli fanlardan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin 189 ball yigʻib, talabalikni naqd qildi.

 

Sariosiyo tumanidagi 87-sonli maktabning 11-sinf oʻquvchisi Akbarova Rayxona ingliz tili (C1), tarix (A+), ona tili va adabiyot (B+) va matematika (B) fanlaridan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qildi. Oʻquvchiga ushbu sertifikatlari uchun umumiy 189 ball beriladi.

 

Talimxabarlari.uz sayti jurnalisti oʻquvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik bosqichi, qilgan xatolari va tajribasi haqida suhbatlashdi.

 

«Natijam – yillar davomida shakllangan intellektual salohiyat va tizimli mehnatning mantiqiy yakuni»

 

Rayxonaning soʻzlariga koʻra, uning ushbu natijasi bir yil yoki ikki yillik mehnat natija emas, balki, yillar davomida shakllangan intellektual salohiyat va tizimli mehnatning mantiqiy yakunidir.

 

U nafaqat qoʻshimcha kurslarda olgan bilimlari, shuningdek, maktabda ham yaxshi oʻqish, bilimli ustozlarning yordami bilan ushbu natijaga erishgan.

 

​Rayxonaning akademik tayyorgarligi jarayonida Sariosiyo tumanidagi oʻzi tahsil olgan oʻquv markaz hal qiluvchi oʻrin tutadi. Ayniqsa, tarix fanidan olgan professional saboqlari, fanning eng murakkab va tahliliy jihatlarini anglashimda poydevor boʻldi.

 

“Ustozlarimning metodik koʻrsatmalari va yoʻnalishlari meni nafaqat imtihonga, balki fanni fundamental darajada tushunishga oʻrgatdi. Albatta, markazdagi darslar bilan bir qatorda, uyda mustaqil ravishda juda koʻp manbalar ustida ishladim”, — deydi Rayxona.

“Tarix fani men uchun eng oson oʻzlashtirilgan va natijasi kafolatlangan soha boʻlib qoldi”

 

Rayxonaning taʼkidlashicha, u sertifikat olgan 4 ta fandan faqat matematika unga qiyinchilik tugʻdirgan. U uchun eng murakkab va koʻp intellektual resurs talab qilgan yoʻnalish ham shu fan boʻlgan.

 

“Misollardagi mantiqiy bogʻliqlikni topish va algoritmik yechimlar ustida ishlash menda katta sabr va diqqatni shakllantirdi. Oʻquv markazda olgan chuqur bilimlarim tufayli tarix fani men uchun eng oson oʻzlashtirilgan va natijasi kafolatlangan soha boʻlib qoldi”, — deb qoʻshimcha qiladi oʻquvchi.

 

“Vaqtni miqdorga emas, balki sifatga yoʻnaltirdim”

Rayxona sertifikatlarni 10-sinfligidayoq olishni boshlagan. U ham maktabda, ham qoʻshimcha kurslarda oʻqiganligi sababli, maktab dasturi va ixtisoslashgan imtihonlar oʻrtasidagi muvozanatni saqlash eng katta psixologik va jismoniy sinov boʻlgan.

 

“Men bu natijaga erishish uchun vaqtni miqdorga emas, balki sifatga yoʻnaltirdim. Kuniga 10 soatlab kitobga qadalib oʻtirmadim, balki har bir daqiqani «tizimli yondashuv” asosida rejalashtirdim. Meʼyorida dam olish va intellektual mehnat oʻrtasidagi oltin muvozanatni saqlash mening muvaffaqiyat formulamga aylandi», — deb taʼkidlaydi Rayxona.

Suhbat yakunida Rayxona milliy sertifikat olish istagida boʻlgan tengqurlariga oʻzining tajribasidan kelib chiqib, ayrim maslahatlarni berib oʻtdi:

 

​“Sifatli taʼlim maskanini tanlang: bilim poydevorini mustahkam poydevorga ega boʻlgan dargohlarda quring.”

​“Xatolar — sizning imkoniyatingiz: Har bir notoʻgʻri yechilgan testni toʻliq tahlil qilmaguncha toʻxtamang.”

​“Tizimlilik: bugungi ishni ertaga qoʻymang, har kungi kichik gʻalaba yakunda ulkan zafarga aylanadi.”

​“Oʻz kuchingizga ishoning: Eng baland choʻqqilar faqat unga chiqishga jurʼat qilganlargagina boʻysunadi.”

​“Bilim olishdan va oʻz ustingizda ishlashdan aslo toʻxtamang!”

 

Rayxonaning kelgusidagi ish va oʻqishlariga muvaffaqiyat va zafarlar tilaymiz.