Nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olgan mutaxassislarga ipoteka krediti beriladi

Nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olgan mutaxassislarga ipoteka krediti beriladi

Hukumat qaroriga asosan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olgan mutaxassislarga 14 foiz stavkada ipoteka ajratiladi. Kredit oluvchilar YAIDXP (my.gov.uz) orqali davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.

 

Hukumatning 2026-yil 9-apreldagi 159-son qarori bilan “Nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

 

Tasdiqlangan nizomga ko‘ra, O‘zbekiston hududida birlamchi uy-joy bozoridan uy-joy sotib olish uchun BHMning 2 150 baravarigacha 10 yil muddatga har oyda qaytarish sharti bilan kredit ajratiladi.

 

Kredit tijorat banki hisobidan yillik 14 foiz stavkada ajratiladi.

 

Kredit oluvchi YAIDXP (my.gov.uz) orqali davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.

 

Kredit oluvchiga kredit, u quyidagi shartlarning barchasiga javob berganda ajratiladi:

 

– O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganda;

 

– kredit olish uchun ariza bilan murojaat qilgan kunda 35 yoshdan oshmaganda;

 

– kredit oluvchi ushbu xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan reytingda yuqori 100 talik ro‘yxatga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olganda;

 

– kredit oluvchining xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olganligi haqidagi diplomi belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilinganda.

 

Kredit oluvchi ipoteka krediti ajratish bo‘yicha YAIDXP orqali quyidagilarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:

 

– kredit olish to‘g‘risida ariza;

 

– kredit oluvchi tomonidan sotib olinadigan uy-joy bo‘yicha qurilish tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma.

 

Tijorat banki 3 ish kuni ichida uning to‘lovga layoqatini o‘rganib, uy-joy sotib olish uchun unga ajratilishi mumkin bo‘lgan kredit miqdori to‘g‘risida bank xulosasini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi.

 

Bunda kredit sotib olinadigan uy-joy qiymatining 80 foizidan oshmasligi lozim.

 

Avvalroq, oliy toifali pedagoglar uchun ipoteka krediti boshlangʻich badalining bir qismi qoplab berilishi haqida xabar bergan edik.