3 fandan A daraja hamda IELTS C1: muddatidan oldin 189 ball to‘plagan qashqadaryolik o‘quvchi bilan suhbat

3 fandan A daraja hamda IELTS C1: muddatidan oldin 189 ball to‘plagan qashqadaryolik o‘quvchi bilan suhbat

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 124-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Qamariddinova Dilnoza bir nechta fanlardan milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi.

 

U o‘zbek tili va adabiyot fanidan A darajada, tarix fanidan A, matematika fanidan A hamda ingliz tilidan esa IELTS C1 darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Kelajakda u ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lishni maqsad qilgan. Uning aytishicha, bilim olish va uni boshqalar bilan bo‘lishish unga katta zavq bag‘ishlaydi.

 

“Men O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining filologiya fakultetida o‘qishni niyat qilganman. O‘ylaymanki, bu qabul qilinishi kerak bo‘lgan eng to‘g‘ri tanlov”, — deydi Dilnoza.

 

Tayyorgarlik jarayoni u uchun qiziqarli va tajribalarga boy kechgan. Ushbu jarayonda unga eng qiyinchilik tug‘dirgan fan matematika fani bo‘lgan. U bu fanni 0 dan boshlab 5 oy ichida o‘zlashtirganini aytadi.

 

“Shunga qaramay, men A darajali sertifikatni qo‘lga kiritdim. Bunda akamning hissasi katta bo‘ldi. U kuchli matematik, menga doim yordam bergan”, — deydi u.

 

Uning ta’kidlashicha, tayyorgarlik jarayonida unga tarix fani eng oson fanlardan biri bo‘lgan, chunki ma’lumotlarni yodda saqlash unga qiyinchilik tug‘dirmagan.

 

Dilnoza kuniga taxminan 8 soat dars qilganini, bu jarayon mashaqqatli bo‘lsa-da, unga zavq bag‘ishlaganini ta’kidlaydi.

 

‘‘Kutgan natijam ham mehnatimga yarasha bo‘ldi deb o‘ylayman, chunki bir kunda 8 soat dars bilan shug‘ullanish juda og‘ir edi. Ammo men har bir ishimdan juda rohatlanardim, yana va yana o‘qigim kelaverardi. Tirishqoqligim va sabr-matonatim menga shu marralarni zabt etishda katta suyanch bo‘ldi’’ — deydi Dilnoza.

 

U milliy sertifikat imtihonlaridagi savollar tayyorgarlik jarayonidagi materiallardan biroz farq qilishini qayd etadi. Uning fikricha, eng katta sinov — bu hayajonni yengish hisoblanadi.

 

Shu bois u har bir imtihon oldidan o‘zini ruhlantirishga harakat qilgan.

 

“Men o‘zimga doim ‘‘uddalayman’’ deb aytardim”, — deydi u.

 

Dilnoza maktab va tayyorgarlikni muvozanatda olib borgan. Ingliz tili va ona tiliga ixtisoslashgan sinfda o‘qishi unga qo‘shimcha imkoniyat bergan. U asosan video darslar, testlar va muntazam uy vazifalari orqali bilimini mustahkamlab borgan.

 

“Dars qilishga o‘tirdimmi, diqqatim faqat shunda bo‘lardi. Telefonimni o‘zimdan ancha uzoqqa yoxud boshqa xonaga qo‘yib qo‘yardim. Chunki, u diqqatni chalg‘itadi”, — deydi u.

 

Tayyorgarlik jarayonida u bir necha bor tushkunlikka tushganini tan oladi. Biroq oilasining qo‘llab-quvvatlashi uni har doim oldinga boshlagan.

 

“Ayniqsa, onam meni doim ruhlantirardi. U doimo g‘amimni quvonchga aylantirardi. Oiladagi yaxshi muhit men uchun eng katta motivatsiya bo‘lgan”, — deydi Dilnoza.

 

Dilnoza avvaliga o‘ziga ishonchsizlik bo‘lganini yashirmaydi. U “men uddalay olmayman” degan fikrni ham boshdan kechirgan, ammo keyinchalik izlanish va mehnat orqali bu fikr butunlay o‘zgargan.

 

“O‘qib zo‘r bo’lib ketganlarda bir sir bor deb o‘ylardim, ammo keyin o‘zim ham izlanishni boshlaganimdan keyin bu fikr meni batamom tark etdi”, — deydi u.

 

U maktab ta’limi haqida ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

 

“Men maktab tizimida hech narsani o‘zgartirmasdim. Imkon bo‘lsa, avvalo o‘quvchilarning maktabga bo‘lgan qarashini o‘zgartirgan bo‘lardim. Hozir ko‘pchilik repetitorsiz natijaga erishib bo‘lmaydi deb o‘ylaydi. Aslida esa inson o‘zi istasa, hamma narsaga qodir”, — deydi u.

 

Dilnoza tengdoshlariga qat’iy maqsad qo‘yish, sabrli bo‘lish va o‘z ustida ishlashni tavsiya qiladi.

 

“Oldingizga maqsad qo‘ysangiz, uni oxirigacha yetkazing. Sabrli bo‘ling va o‘zingizga ishoning. Sizni katta marralar kutmoqda”, — deya xulosa qiladi u.

 

Avvalroq, AQShning Cornell University’ga to‘liq grant asosida qabul qilingan oʻquvchi Maxmutov Alpamis bilan suhbat qilgan edik.