Ertaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida (DSBA) davlat buyurtmasi asosida, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirgan talabgorlar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda akademiya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlari ertaga, 2026-yil 9-aprel kuni soat 14:30 da Toshkent shahridagi Ijtimoiy va siyosiy fanlar institutida tashkil etiladi.
Talabgorlardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID karta — asl nusxasi) bilan soat 14:00 ga qadar belgilangan manzilga yetib kelish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur magistratura dasturi davlat boshqaruvi tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda kechki va masofaviy shaklda tashkil etilgan. Qabul davlat buyurtmasi asosida amalga oshiriladi.
Joriy yilda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qabul rejalashtirilgan:
— Davlat boshqaruvi (25 ta grant, 25 ta to‘lov-kontrakt)
— Hududlarni kompleks rivojlantirish (25 ta grant, 25 ta to‘lov-kontrakt)
— Inson resurslarini rivojlantirish (10 ta grant, 10 ta to‘lov-kontrakt)
Ushbu yo‘nalishlar kesimida jami 120 nafar talabgorni qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq, 2026/2027-o‘quv yili uchun IIV Akademiyasi magistraturasiga qabul boshlanganligi, mazkur jarayonlar 1-iyunga qadar davom etishi haqida xabar bergan edik.
