Ijtimoiy tarmoqlarda “Turon”maktab teatri tanlovining Andijon viloyat bosqichi yuzasidan eʼtirozlar tarqaldi. Holat yuzasidan Andijon viloyat “Kelajak markazi” rasmiy munosabat bildirdi.
Xabaringiz bor, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Madaniyat vazirligining 2026-yil 10-fevralda ““Turon” maktab teatri va “Iqtidor” maktab ansambli respublika tanlovlarini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori qabul qilingan edi. Unga koʻra, tanlovning hududiy bosqichlari 1–10-aprel kunlari boʻlib oʻtishi belgilangan.
Tanlovning Andijon viloyat bosqichi joriy yilning 1-aprel kuni Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Musiqali drama teatrida boʻlib oʻtgan va unda 16 ta maktab jamoasi ishtirok etgan.
“Sahna koʻz yoshlariga toʻldi…”
Ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan postlarda “Turon” maktab teatri tanlovining Andijon viloyat bosqichi yuzasidan eʼtirozlar bildirilgan.
Jumladan, unda tanlov ikki shart asosida oʻtkazilganiga qaramay, baholash jarayonida belgilangan vaqt va mezonlarga toʻliq amal qilinmagani qayd etilgan. Birinchi bosqichda yuqori natija koʻrsatgan ayrim jamoalar keyingi bosqichda past ball bilan baholangani, bu esa ishtirokchilar va kuzatuvchilar tomonidan turlicha munosabatlarga sabab boʻlgani taʼkidlangan. Bundan tashqari, apellyatsiya berish tartibi amalda qoʻllanilmagani haqidagi fikrlar keltirilgan.
“Koʻzda yosh va alam bilan oʻquvchilaru ustozlar qoldi”, — deb yozadi Facebook foydalanuvchisi Abduvali Qurbonov.
Rasmiy izoh: “Barcha jarayonlar nizom asosida”
Mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi. Unga koʻra, nizomga muvofiq tarzda tanlovning hududiy bosqichiga hakamlar hayʼati sifatida musiqali drama teatrlari hamda qoʻgʻirchoq teatrlaridan aktyor-aktrisa va rejissyorlar jalb qilinishi belgilangan. “Turon” maktab teatri tanlovining Andijon viloyat bosqichiga ham respublika miqyosida taniqli, mahoratli ijodkorlar, Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri aktyor-aktrisalari jamoasi taklif etilgan.
“Tanlov nizomiga koʻra, “Bizning maktab” hamda “Teatr — ibratxona” shartlarida hakamlar tomonidan jamoa ishtirokchilarining aktyorlik mahorati, sahna madaniyati, asardan parchani toʻgʻri tanlay olgani, nutqi, asar qahramonlarining kiyimi va dekoratsiyasi, tarbiyaviy ahamiyatga egaligiga alohida eʼtibor qaratiladi.
Eʼtirozlar yuzasidan holat oʻrganilganda, hakamlar hayʼati aʼzolari mazkur nizomda keltirilgan meʼyorlarga toʻla rioya qilgani maʼlum boʻldi. Yakuniy natijalarga koʻra, Boʻston tumanining “Andijon” jamoasi 1-oʻrinni egallab Respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan. Hakamlar hayʼati tomonidan qoʻyilgan ballar professional jihatdan izohlab berilgan” — deyiladi rasmiy izohda.
Shuningdek, tanlov nizomiga koʻra, hududiy bosqichlarda hakamlar hayʼatining qarori qatʼiy hisoblanishi va oʻzgartirilmasligini eslatib oʻtilgan.
Maʼlum qilinishicha, tanlov jarayonlari toʻliq yozib olingan va tez kunlarda “Turon” maktab teatri tanlovining YouTubedagi sahifasiga (https://youtube.com/@turonmaktabteatri?si=402Dc5KQ63MYzE-D) joylanadi.
Berilgan rasmiy munosabatda, yuqoridagilardan kelib chiqib, tanlov jarayonlari nizom talablari asosida haqqoniy, shaffof tarzda oʻtkazilgani va postda keltirilgan fikrlar asossiz ekanini maʼlum qilingan.
