Toshkent viloyati, Angren shahridagi 20-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Ziyakulov Mirziyo Otabek o‘g‘li IELTS imtihonidan 7.5 ball, SAT’dan 1270 ball, CEFR’dan C1 daraja hamda matematika fanidan C darajali milliy sertifikatni qo‘lga kiritdi.
Uning IELTS natijalari quyidagicha: Listening — 8.5, Reading — 7.5, Writing — 6.0, Speaking — 7.0.
SAT natijalari esa Reading and Writing — 590, Math — 680 ko‘rinishda bo‘lgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan IELTS imtihoniga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va tajribasi bilan suhbatlashdi.
“8-sinfda tanishimning muvaffaqiyati menga turtki bo‘lgan”
Mirziyoning aytishicha, IELTS, SAT va boshqa sertifikatlarni olish istagi 8-sinfda paydo bo‘lgan.
“8-sinf bo‘lganimda boshlangan. O‘sha yili o‘zimning tanishim IELTS hamda SAT sertifikatlari bilan chet eldagi nufuzli oliygohning talabasi bo‘lgandi. Shu vaziyat menga turtki bo‘lgan”.
Demak, uning oldidagi ilk ilhom manbai boshqa bir o‘quvchining natijasi bo‘lgan. Bu esa ba’zan bir misol, bir muvaffaqiyat butun yo‘lni belgilab berishini ko‘rsatadi.
“CEFR — men uchun avvalo imtihon muhitini his qilish vositasi bo‘lgan”
Ko‘pchilik IELTS sertifikatiga tayyorlanayotgan paytda CEFR nega kerak bo‘lganiga qiziqishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, bu sertifikat uning uchun sinov vazifasini bajargan.
“Men avvaliga, ya’ni 2025-yil fevralda, CEFR imtihonini topshirgan edim. Buning asosiy sababi imtihon muhitini his qilish va qaysi ko‘nikma ustida ko‘proq ishlashimni aniqlab olish edi.”
Ya’ni CEFR bu yerda faqat natija uchun emas, keyingi katta bosqich — IELTS uchun tayanch tajriba sifatida xizmat qilgan.
“CEFR uchun 1 oy, IELTS uchun 6 oy, SAT uchun esa 1 oy tayyorlandim”
Mirziyo har bir imtihonga alohida yondashgan va vaqtni maqsadga qarab taqsimlagan.
“Boshlang‘ich bilimim bilan CEFR imtihoniga 1 oy tayyorlandim. Shundan so‘ng, 6 oy mobaynida IELTS ga tayyorgarlik ko‘rdim. Bu vaqtda men matematika fanidan ham to‘garakka qatnadim. IELTS imtihonidan keyin 1 oy davomida SAT imtihoni uchun tayyorlandim.”
“Kuniga o‘rtacha 6–7 soat dars qilardim”
Yuqori natijalar ko‘pincha muntazam mehnat bilan bog‘liq bo‘ladi. Mazkur o‘quvchi ham bu yo‘lda tartibli rejimga tayangan.
“Kun davomida o‘rtacha 6-7 soatni darsga ajratardim, bu vaqtni ertalabki tayyorgarlik va kechki takrorlashlar bilan muntazam ravishda tashkil qilgan edim.”
Uning aytishicha, maktab darslari bu jarayonda to‘sqinlik qilmagan, aksincha, vaqtni boshqarish ko‘nikmasini yanada mustahkamlagan.
“Maktab darslari menga hech qanday to‘siq bo‘lmadi, aksincha, ular vaqtni samarali boshqarish ko‘nikmamni yanada mustahkamladi. Albatta, maktabdagi ustozlarim ham dars jarayonida meni qiynayotgan savollarimga javob topishimda har doimgiday yordam berishdi.”
“Listening’dagi asosiy sir — muntazam tinglash va transkripsiya qilish”
IELTS imtihonida Listening bo‘limidan 8.5 ball olish alohida e’tiborga loyiq. Mirziyo bunga qanday erishganini tushuntirdi.
“Asosiy sir — muntazam tinglash va har bir audiodan keyin transkripsiya qilish orqali tushunilmagan joylarni tahlil etish.”
U imtihon paytidagi usuliga ham to‘xtaldi:
“Imtihonda esa savollarni oldindan o‘qib chiqib, kalit so‘zlarga diqqatni qaratish ko‘nikmasi yordam berdi”.
“YouTube — menga katta yordam berdi”
Mirziyo tayyorgarlikda bepul va sifatli resurslardan unumli foydalangan.
“Men YouTube’dagi IELTS ga oid bir nechta bepul darslarni ko‘rib chiqdim. SAT uchun esa Khan Academy platformasidan foydalandim. Qo‘shimcha ravishda YouTube’dagi “E2 IELTS” hamda “IELTS Advantage” kanallari menga bepul va sifatli tayyorgarlik ko‘rishda katta yordam berdi.”
Shuningdek, oilaviy tajriba ham unga amaliy foyda bergan:
“Bundan tashqari, opam ham IELTS 8.0 qo‘lga kiritishdagi o‘zi yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklaridan to‘g‘ri saboq chiqarganim ham menga qo‘l kelgan”, – qo‘shimcha qiladi u.
“SAT tayyorgarligi ko‘proq strategiya va tahliliy fikrlashga qurilgan”
Mirziyo SAT va milliy sertifikatlar orasidagi farq haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, bu imtihonlar bir-biriga o‘xshashdek ko‘rinsa-da, aslida turlicha yondashuv talab qiladi.
“SATga tayyorgarlik jarayoni ko‘proq strategiya, vaqtni boshqarish va murakkab matnlarni tahlil qilish ustiga qurilgan”.
Uning ta’kidlashicha, milliy sertifikatlar ko‘proq bilim darajasini tekshirsa, SAT bilimni real vaziyatda qo‘llashni sinaydi.
“Milliy sertifikatlar asosan til darajasini aniqlasa, SAT bu bilimlarni mantiqiy va tezkor qo‘llash, analitik va qiyosiy fikrlash ko‘nikmalarini shuningdek, matematik masalalarda moslashuvchanlikni sinaydi”.
“Motivatsiya tushgan paytlarda kichik maqsadlar qo‘yardim”
“Bunday paytlarda men kichik maqsadlar belgilab, har bir yakunlangan bosqichni o‘zimga yutuq sifatida belgilar edim.”
Bundan tashqari, u ruhiy tiklanishda dam olish va yaqinlar bilan muloqotning ahamiyatini ham qayd etadi:
“Shuningdek, qisqa muddatli dam olish, sport va yaqinlar bilan suhbat orqali motivatsiyani tiklashga harakat qildim. Eng asosiysi, ota-onamning qo‘llab-quvvatlovi bilan amalga oshdi”.
“IELTS’da topshiriqni to‘liq o‘qimaslik, SAT’da esa vaqtni noto‘g‘ri taqsimlash katta xato”
U o‘z tajribasidan kelib chiqib, imtihon topshiruvchilar orasida eng ko‘p uchraydigan xatolarga ham to‘xtaldi.
“IELTSda eng ko‘p xato — topshiriqni to‘liq o‘qimaslik va “Writing” qismida topshiriqqa e’tibor bermaslik bo‘lsa, SATda vaqtni noto‘g‘ri taqsimlashdir.”
“C1 darajaga chiqish uchun tilni har kuni faol ishlatdim”
O‘quvchi ingliz tilini C1 darajada bilishining ortida qanday usullar turganiga ham to‘xtaldi.
“C1 darajaga erishish uchun men tilni faol ishlatdim: har kuni yozdim, akademik matnlarni tahlil qildim, opam bilan to‘liq ingliz tilida muloqotda bo‘ldim. Shuningdek, ingliz tilidagi turli olimpiadalarga qatnashdim.”
Ya’ni natijaga erishishda grammatika yoki test yechishning o‘zi yetarli emasligi, tilni real hayotda ham faol qo‘llash muhim ekanligini bildiradi.
“Endi asosiy maqsadim — SAT ballimni yangilash va grant uchun hujjatlarimni kuchaytirish”
Mirziyo hozirgi natijalarni yakuniy nuqta deb bilmaydi. U oldidagi maqsadlarni yanada kattaroq ko‘radi.
“Kelgusi rejalarim hozirgi SAT ballimni yangilash va turli volontyorlik tadbirlarida qatnashishdan iborat”.
U chet elda tahsil olish niyatini ham ochiq aytadi:
“Chet elda o‘qishga kelsak, rejalarim AQSh yoki Buyuk Britaniyadagi nufuzli oliygohlardan birida tahsil olish. Shu yo‘lda grant imkoniyatlarini qo‘lga kiritish uchun hujjatlarimni mukammal tayyorlash, shaxsiy insholar ustida ishlash va o‘zimni har tomonlama rivojlantirishni davom ettirmoqdaman”, – deydi u.
“Har bir imtihonni chuqur o‘rganib, xatolarni tahlil qilish kerak”
Suhbat yakunida Mirziyo bu yo‘ldan borayotgan tengdoshlariga o‘z tajribasi asosida tavsiyalarini berdi.
“Eng muhimi — erta boshlash va muntazamlikni yo‘qotmaslik. Har bir imtihon qanday bo‘lishini chuqur o‘rganib, namunaviy testlarni vaqt bilan ishlash va xatolarni tahlil qilishga alohida e’tibor berish lozim.”
Mirziyoni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi O‘tkirbek Farmonov 5 ta fandan milliy sertifikatlar hamda IELTS 7.0 sertifikatini qo‘lga kiritib, muddatidan oldin 189 ball to‘plagani haqida xabar bergan edik. Intervyuni batafsil o‘qish
