Avvalroq xabar berganimizdek, Oliy ta’lim to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlandi. Adliya vazirligi mazkur hujjatni 3-aprel kuni davlat roʻyxatidan (roʻyxat raqami 3807) oʻtkazdi.
Ushbu Nizomning 4-bobida bakalavriat taʼlim bosqichi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqitish kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy, dual va qonunchilikda belgilangan boshqa taʼlim shakllarida amalga oshirilishi ta’kidlab o‘tilgan.
Shuningdek, ushbu bobda bakalavriat taʼlim bosqichida oʻqish kamida uch yil davom etishi, bakalavriatda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqish muddati kunduzgi taʼlim shakliga nisbatan sirtqi taʼlim shaklida kamida bir oʻquv yili, kechki taʼlim shaklida kamida yarim oʻquv yili muddatiga uzaytirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Nizomning shu qismi ko‘pchilik tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinib, sirtqi ta’lim shakliga tugatilgan qabul, yana yo‘lga qo‘yilishi aytilmoqda.
Nizom – ayni vaqtda oliy ta’lim tizimida tahsil olayotgan har bir talaba haq-huquqini himoya qiluvchi asosiy hujjat hisoblanadi.
Sirtqi ta’lim avvalroq tugatilgan bo‘lsada, ayni vaqtda bu ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar soni yuqori. Shu sababdan nizomda ham ularning huquq va majburiyatlari belgilab berilishi kerak. Sirtqi ta’limda o‘qiyotgan talabalar o‘qishni bitirib, diplom olguniga qadar, Nizomdan “sirtqi ta’lim” jumlasi chiqarib tashlanmaydi. Agar sirtqi ta’lim shakli hujjatdan olib tashlansa, hozirda shu shaklda o‘qiyotganlarning huquqiy maqomi so‘roq ostida qoladi.
Shuningdek, sirtqi ta’limda o‘qish muddati kunduzgidan ko‘ra ko‘proq bo‘lishi — bu tizimning fundamental qoidasi hisoblanadi. Bu qoidaning hujjatda aks etishi yangi qabuldan darak bermaydi.
Xulosa qilib aytganda, Nizomdagi bu bandlar sirtqi ta’lim shakliga yana qabul amalga oshirilishini bildirmaydi.
O‘tgan yili Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazir sirtqi ta’lim tugatilganiga izoh berib, bunga taʼlim sifati yetarli taʼminlanmaganini sabab qilib ko‘rsatgan edi.
“Biz bu yo‘nalishda taʼlim sifatini 100 foiz taʼminlab bera olmaymiz. Chunki bilamizki, talabalarning ko‘pchiligi ish bilan band, vaqtida darsga kela olmaydi. Buni hammamiz ko‘rib turibmiz, yashirishga hojat yo‘q”, — degan edi vazir.
Shuningdek, o‘shanda Qo‘ng‘irotboy Sharipov sirtqi o‘rniga masofaviy va uzaytirilgan taʼlim keng yo‘lga qo‘yilayotganiga urg‘u bergan edi.
“Endi o‘qiyman degan yoshlar masofaviy taʼlimga kirishi mumkin. Mazkur yo‘nalishda nazorat kuchliroq — talaba har kuni kompyuteridan darsga kirib, masofadan o‘qishi kerak bo‘ladi. O‘rniga boshqa odam kirsa yoki imtihonlarda qanaqadir ‘shpargalka’dan foydalanaman desa, uning kompyuteri avtomatik tarzda o‘chirib qo‘yiladi. Bu taʼlim sifati bilan bog‘langan masala. Sirtqining o‘rniga masofaviy taʼlim kiritilyapti. Biz to‘liq yopib tashladik degani emas. O‘zi butun dunyoda sirtqi taʼlim shakli yo‘q. Biz kredit-modul tizimiga o‘tdik, dunyodagi top-300 talik reytingdagi universitetlar dasturlarini qabul qilyapmiz. Xorijdan professor-o‘qituvchilarni ishga taklif qilyapmiz. Yevropa, Amerika yoki boshqa davlatlarga qarasangiz kunduzgi, kechki, masofaviy va uzaytirilgan taʼlim shakllari mavjud. Talabalarga institutni to‘rt yilda emas, 5–10 yilda ham bitirish imkoniyati beriladi. Shuning uchun bundan qo‘rqish kerak emas. O‘rniga muqobil taʼlim shakli berilyapti”, – degan edi vazir.
Ma’lumot uchun, Prezident farmonida sirtqi ta’limga qabul tugatilishi sabab kunduzgi ta’limdan boshqa ta’lim shakllariga qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib borilishi belgilangan.
Qabulga esa roppa-rosa 2 oy vaqt qoldi. 2 oydan so‘ng joriy yilgi imtihonlarda qatnashish uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlanadi. Kecha Talimxabarlari.uz saytida joriy yilgi qabul jarayonlarida qanday o‘zgarishlar kutilayotgani haqida maqola e’lon qilgan edik.
