“Mahoratli o'qituvchi – malakali millat: uzluksiz kasbiy rivojlantirishdagi muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. - Ta’lim xabarlari
“Mahoratli o’qituvchi – malakali millat: uzluksiz kasbiy rivojlantirishdagi muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan “Mahoratli o’qituvchi – malakali millat: uzluksiz kasbiy rivojlantirishdagi muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

 

 

Konferensiyada oʻqituvchilar malakasini oshirish, ilgʻor tajribalarni oʻrgangan holda taʼlimga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etish boʻyicha zamonaviy yechimlarni taqdim etishga qaratilgan turli masalalar yuzasidan taklif va mulohazalar oʻrtaga tashlandi.

 

 

Tadbirning ochilish qismida Ta’limni rivojlantirish markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova pedagoglarning jamiyat rivojidagi o‘rniga to‘xtalib, tanqidiy fikrlaydigan, ijodkor va ijtimoiy masʼuliyatli fuqaroni tarbiyalashda o‘qituvchilar muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi.

 

Mahoratli oʻqituvchi nafaqat dars bera oladi, balki tanqidiy fikrlaydigan, ijodkor va ijtimoiy masʼuliyatli fuqaroni tarbiyalaydi. Aynan shu insonlar malakali millatning shakllanishiga asos boʻladi.

 

Biz, taʼlim muvaffaqiyatning asosiy omiliga aylanayotgan oʻzgarishlar davrida yashayapmiz. Pedagoglik shunchaki kasb emas, bu fidoyilikni, sabr-toqatni va doimiy oʻz-oʻzini yaxshilash istagini talab qiladigan chaqiriqdir.

 

Ustozlarimiz kamoloti va muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida birgalikda harakat qilaylik. Zero, millatimiz kelajagi ham shunga bogʻliq – dedi Yuliya Risyukova.

 

 

Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Radjabov bugungi konferensiyaning ahamiyatiga to‘xtalib, bu kabi muhokamalari pedagoglarni tayyorlash va ularni har tomonlama qo‘llab quvvatlashda muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi.

 

Bugungi kunda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 550 ming nafardan ortiq pedagog faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, sohaga adolatli va shaffof tizimni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

Ta’lim sifatining o‘qituvchi sifatidan oshib keta olmasligining yana bir isboti sifatida joriy yilda mamlakatimizdagi 500 ta maktabda o‘tkazilgan formativ va summativ baholash jarayonlarini keltirishimiz mumkin.

 

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, qaysi maktabda pedagoglarning sifat koʻrsatkichlari yuqori bo‘lsa, o‘quvchilarning bilimi va ko‘rsatayotgan natijalari ham shunga mutanosib ravishda oshib bormoqda.

 

Bu esa sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarimizning hali ko‘p ekanligini ko‘rsatadi.

 

Bugungi konferensiyada muhokama qilinadigan tadqiqot natijalari sohada sifat va samaradorlik ko‘rsatkichlarini oshirishda muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi”, – dedi Sardor Radjabov.

 

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov pedagogika sohasidagi tadqiqotlarning ahamiyatiga to‘xtalib, bu kabi konferensiyalar soha rivojida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

 

 

Ta’lim sohasi mamlakatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bunda pedagoglarning mahorati va salohiyati muhim qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan Davlatimiz rahbari tomonidan soha rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.

 

Konferensiya mavzusining dolzarbligini e’tirof etgan holda ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda pedagogika sohasidagi turli dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan dissertatsiyalar soni qariyb 4,5 baravarga oshdi. O‘tgan 5 yil davomida soha rivojiga qaratilgan ilmiy tadqiqot loyihalari soni 92 tani tashkil qildi.

 

Ishonamanki, bugungi konferensiyada ham pedagogika sohasini takomillashtirish, kun tartibida turgan masalalarni ham qilishga qaratilgan takliflar ilgari suriladi. Aynan shu kabi muhokamalar esa soha rivojining yanada jadallashishiga xizmat qiladi – dedi Otabek Mahkamov.

 

 

Tadbirda davomida UNICEFning O‘zbekistondagi vakili Alberto Biankoli konferensiya ta’lim sohasidagi manfaatdor tomonlarni bir yerga jamlagani bilan ahamiyatli ekanligini ta’kidlab, pedagogik sohani rivojlantirishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.

 

Ta’lim sifatining oshishi bevosita o‘qituvchi sifati bilan bog‘liq ekanligi hech birimiz uchun sir emas. Bugungi konferensiya ta’lim sohasidagi manfaatdor tomonlarni bir yerga jamlagani bilan ahamiyatlidir.

 

O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni e‘tirof etgan holda, ta’kidlashim lozimki, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashda 2 jihatga alohida e’tibor qaratish lozim.

 

Birinchi yo‘nalish pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish pedagoglarning faoliyati davomida rivojlanishi, ularni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.

 

Ushbu yo‘nalishlar bir-birini to‘ldirgan holda muntazam amalga oshirilgandagina o‘qituvchilik kasbining jozibadorligini oshirib borish hamda soha rivojini yanada jadallashtirish mumkin – dedi Alberto Biankoli.

 

 

Konferensiyaning ikkinchi yarmida mutaxassislar tomonidan quyidagi 7 ta shoʻbada sohaga doir eng dolzarb masalalar muhokama qilindi:

 

–  uzluksiz kasbiy taʼlimni rivojlantirish va taʼlim samaradorligini oshirish;

 

–  filologiya fanlarining zamonavıy pedagogika rivojidagi ilmiy va amaliy istiqbollari;

 

– aniq fanlarni oʻqitishda zamonaviy taʼlim tendensiyalarining  rivojlanish istiqbollari;

 

–  tabiiy fanlarda “STEAM” yondashuvini amaliyotga tatbiq etishda innovatsion yechimlar;

 

–  amaliy fan pedagoglarining kasbiy kompetentligini oshirishning samarali usullari;

 

 

– yangi bilim va kompetensiyalar davrida ijtimoiy fanlarning rivojlanish ahamiyati;

 

–  bolalarni psixologik qoʻllab-quvvatlash va inklyuziv taʼlim.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры