Nukus shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Maxmutov Alpamis Alisherovich AQShning Cornell University universitetiga 100 foizlik grant asosida qabul qilindi. Grant miqdori 362 000 AQSh dollarini tashkil etadi.
Alpamis “Talimxabarlari.uz”ga bergan intervyusida xorijiy universitetlarga hujjat topshirish jarayoni, tayyorgarlik bosqichlari hamda tengdoshlariga tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.
Uning aytishicha, xorijda oʻqish fikri ilk bor 5-sinfda Prezident maktabiga oʻqishga qabul qilinganda paydo boʻlgan. Bu gʻoya vaqt oʻtishi bilan jiddiy maqsadga aylangan.
Keyinchalik, 8-sinfga kelib, u turli xalqaro loyihalar va konferensiyalarda qatnasha boshlagan. Shu jarayonda xorijda taʼlim olayotgan vatandoshlarni koʻrib, ulardan ilhom olgan.
“Oʻsha paytlarda chet elda oʻqiyotgan vatandoshlarimni koʻrib, ulardan ruhlanib, oʻzimga motivatsiya olganman”, — deydi u.
Cornell University QS World University Rankings reytingida 16-oʻrinni egallaydi. Universitet “Ivy League” tarkibiga kiradi va ilmiy tadqiqotlar, biznes hamda texnologiya yoʻnalishlarida yuqori darajadagi taʼlim bilan tanilgan.
Oʻquvchi aynan shu universitetni tanlashiga uning biznes taʼlimi boʻyicha yetakchilardan biri ekani sabab boʻlganini taʼkidlaydi.
“Cornell universiteti Dyson biznes departamenti biznes oʻqitish boʻyicha dunyoda yetakchi oʻrinda turadi. Men avval ham ularning professorlari yozgan ilmiy maqolalarni oʻqib yurganman. Endi esa ular bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega boʻlganimdan xursandman” — deydi Alpamis.
U universitetga hujjatni 20-yanvarda topshirgan, javob esa 27-mart kuni eʼlon qilingan. Qabul xabarini esa oʻsha kuni tonggi soat 4 da bilgan. Ushbu xabar kelgan lahzani u hali ham hayajon bilan eslaydi:
“Xabarni ochganimda ekranda turli effektlar, salyutlar otildi. Koʻzlarimga ishonmadim. Quvonchim ichimga sigʻmay, oila aʼzolarimni uygʻotdim. Birgalikda xursand boʻlganmiz” — deydi u.
Alpamis xorijiy universitetlarga hujjat topshirishni 8-sinfdan jiddiy oʻylay boshlagan. 10-sinfda IELTS, 11-sinfda esa SAT imtihonini topshirgan.
Uning natijalari:
- IELTS — 8.0
- SAT — 1550
Shuningdek, u xalqaro loyihalarda qatnashgan, ilmiy maqolasi Britaniya jurnalida chop etilgan hamda Oʻzbekiston Ekologiya vazirligida amaliyot oʻtagan.
U dastlab SAT imtihoniga onlayn tayyorlanib koʻrgan, biroq bu usul kutilgan natijani bermagan. Keyinchalik oʻquv markazida tayyorlanib, maqsad qilgan natijaga erishgan.
ʼʼSAT men uchun qiyinroq kechgan, online tayyorlanib koʻrganman, lekin oʻxshamagan. Shu sababli, oʻquv markazida tayyorlandim. Oʻzim xohlagan ballni olganman. Xalqaro imtihonlarda yuqori natija olishning eng samarali usuli savollarni mashq qilish kerakʼʼ — deya taʼkidlaydi.
Milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlar oʻquvchilarga oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirishda imtiyoz beradi. Biroq, mazkur jarayonlarga tayyorlanishning ham oʻz qiyinchiliklari bor.
Alpamis IELTS va SAT topshirishni rejalashtirayotgan oʻquvchilarga oʻz tajribasidan kelib chiqib, quyidagilarni tavsiya qiladi:
ʼʼIELTS ham SAT ham juda koʻp vaqt talab qiladigan jarayon hisoblanadi. 2-3 oy ichida natija qilish qiyin. Bunda eng asosiysi oʻzingizga ishonchdir. Shu narsani maqsad qilib qoʻydingizmi ketidan qolmang. Shugʻullaning. Eng katta rivojlanish oʻzingiz ustingizda ishlagan paytda boʻladiʼʼ — deydi u.
Xorijiy universitetlarga hujjat topshirishda essay yozish ham muhim rol oʻynaydi. Uning fikricha, koʻplab abituriyentlar hujjat topshirishda eng katta xatoni oʻz yutuqlarini toʻliq ifodalab bera olmaslikda qilishadi.
ʼʼ10-sinfimdan essay yozib boshlaganman, deyarli har kuni oʻylarimni mulohaza qilardim. Xorijga oʻqishga topshirish, online shaklda dokument yuboriladi. Agar siz oʻzingizni toʻgʻri ifodalay olmasangiz, bilim yetarli boʻlsa ham natija boʻlmasligi mumkin. Shu sababdan ham essay ustida qattiq ishlash kerakʼʼ — deydi u.
U muvaffaqiyatida ota-onasi, ustozlari va doʻstlarining hissasi katta ekanini alohida taʼkidlaydi.
ʼʼOta-onam har doim meni qoʻllab-quvvatlagan. Biron-bir ish boshlamoqchi boʻlsam, menga ishongan. Ustozlarim esa nafaqat bilim, balki motivatsiya ham bergan. Undan tashqari, doʻstlarim bilan birgalikda xorijga oʻqishga kiramiz degan intilish bilan yashaganmizʼʼ — deydi u.
Hozirda Alpamis nafaqat AQSh, balki Hong Kong va Buyuk Britaniya universitetlaridan ham qabul xatlarini olgan. Shuningdek, Xitoydagi bir nechta universitetlarga ham hujjat topshirgan, natijalar esa hali eʼlon qilinmagan.
Shunga qaramay, u aniq qarorga kelgan:
“Cornell’da oʻqib, biznes va barqaror rivojlanish yoʻnalishida bilim olib, keyin Oʻzbekistonda yirik loyihalar qilishni xohlayman” — deydi u.
U xorijiy universitetlarga hujjat topshirayotgan tengdoshlariga quyidagicha tavsiya beradi:
“Iloji boricha ertaroq boshlang, kerakli sertifikatlarni oling, turli loyihalarda qatnashing. Eng asosiysi — essay ustida jiddiy ishlang”
Avvalroq, Buxorolik 16 yoshli o’quvchi Amirbek Baxshilloyev jahonning eng nufuzli “Stanford”, “Caltech” va “Brown” universitetlariga yadro muhandisligi yo‘nalishi bo‘yicha to‘liq grant asosida o‘qishga qabul qilinganligi haqida xabar bergan edik.
