Maxsus maktablar va maktab-internatlarda sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya qilish bo’yicha yangi tartib ishlab chiqildi

Maxsus maktablar va maktab-internatlarda sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya qilish bo’yicha yangi tartib ishlab chiqildi

Muhokamalar portaliga ‘‘Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi’’ nizom loyihasi joylashtirildi.

 

Loyihaga ko‘ra, maxsus maktablarning sinflari o‘quvchilar sonidan kelib chiqib shakllantiriladi. Har yili 30-avgustga qadar o‘quvchilarning nomma-nom ro‘yxati psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosalari asosida tuziladi va elektron tizim orqali hududiy boshqarmalarga taqdim etiladi.

 

Ushbu ma’lumotlar har yili 15-sentabrga qadar tasdiqlanadi yoki aniqlangan xato va kamchiliklarni asoslantirgan holda qayta ishlash uchun maxsus maktablarga yuboriladi. Shuningdek, nizomda maxsus pedagoglarning dars yuklamasi va ularni taqsimlash tartibi aniq belgilab qo‘yilgan.

 

Bunda har yili 15-sentabrga qadar maxsus pedagoglarga dars soatlari quyidagi koʻrsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi:

 

Maxsus pedagoglarga dars soatlari va tarbiyachilik shtati taqsimoti

Dars soatlari taqsimoti (ustuvor ketma-ketlik)

Tarbiyachilik shtati taqsimoti

(ustuvor ketma-ketlik)

1. Oliy malaka toifasiga ega maxsus pedagoglar

 

2. Dars beradigan fanidan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan illiy yoki xalqaro sertifikatga ega maxsus pedagoglar

 

3. Birinchi malaka toifasiga ega maxsus pedagoglar

 

4. Ikkinchi malaka toifasiga ega maxsus pedagoglar

 

5. Oliy pedagogik ma’lumotli toifasiz maxsus pedagoglar

 

6. Qayta tayyorlash diplomiga ega maxsus pedagoglar

 

7. O‘rindoshlik asosida ishlayotgan oliy ma’lumotli maxsus

pedagoglar

1. Oliy pedagogik ma’lumotli maxsus pedagoglar (surdopedagogika, tiflopedagogika, oligofrenopedagogika, logopediya yo‘nalishi)

 

2. Qayta tayyorlash diplomiga ega maxsus pedagoglar (korreksion pedagogika va maxsus maktab ixtisosligiga mos keluvchi defektologiya sohasi boʻyicha (surdopedagogika, tiflopedagogika, oligofrenopedagogika va logopediya) kasbiy qayta tayyorlov kursini tugatgan boʻlishi)

 

3. O‘rindoshlik asosida ishlayotgan oliy pedagogik ma’lumotli maxsus pedagoglar

 

4. Maxsus pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari

 

Maxsus maktablarda faoliyat yurituvchi pedagoglar uchun aniq malaka talablari ham belgilangan.

 

  • fan yoʻnalishiga toʻgʻri keluvchi kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik maʼlumot yoki kamida bakalavr darajasidagi oliy maʼlumot va fan yoʻnalishiga toʻgʻri keluvchi dars berish huquqi bilan kasbiy qayta tayyorlov kursini tugatganligi, shu bilan birga korreksion pedagogika va maxsus maktab ixtisosligiga mos keluvchi defektologiya sohasi boʻyicha (surdopedagogika, tiflopedagogika, oligofrenopedagogika va logopediya) kasbiy qayta tayyorlov kursini tugatganligi;
  • eshitishida nuqsonlari boʻlgan oʻquvchilarga dars beradigan maxsus pedagoglar dars oʻtiladigan imo-ishora tilini, nutqning fonetiko-fonematik, leksik-grammatik, oʻqish va yozishdagi nuqsonlarni, duduqlanish va nutqning toʻliq rivojlanmaganligini bartaraf etish ishlarini olib borishni bilishi;
  • koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi oʻquvchilarga dars beradigan maxsus pedagoglar Brayl alifbosida oʻqitish, taktil va audio oʻquv vositalaridan foydalanish usullarini bilishi;
  • aqli zaif oʻquvchilarga dars beradigan maxsus pedagoglar nutqning fonetiko-fonematik, leksik-grammatik, oʻqish va yozishdagi nuqsonlarni, duduqlanish va nutqning toʻliq rivojlanmaganligini bartaraf etish ishlarini olib borishni bilishi.

 

Loyihaga muvofiq, maxsus pedagoglar uchun haftalik o‘quv yuklamasi va pedagogik yuklamasi boshlang‘ich sinflarda 18 soat etib belgilangan.

 

Yuqori sinflarda esa haftalik oʻquv yuklamasi – 20 soatni va pedagogik yuklama – 16 soatni tashkil etadi.

 

Shu bilan birga, pedagoglarga yarim (0,5) stavkadan kam va bir (1,0) stavkadan ortiq dars soatlari belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunda maxsus pedagogning tarif stavkasi 1,5 stavkadan ortib ketishiga yoʻl qoyilmaydi.

 

Tarifikatsiya (pedagoglarning ish haqi va yuklamasi hisoblanadigan rasmiy ro‘yxat) ro‘yxatlari esa har yili sentyabr oyida shakllantirilib, elektron tizim orqali hududiy boshqarmalar va mas’ul agentlik tomonidan bosqichma-bosqich ko‘rib chiqiladi hamda tasdiqlanadi.