Samarqand viloyati Urgut tumanida 5 yoshli qizchani urib, voqea joyidan qochgan Gentra avtomobili haydovchisi topildi. Haydovchi 11-sinf o‘quvchisi ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 22-mart kuni Urgut tumani Chorchinor mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi ichki yo‘lda ‘‘Gentra’’ rusumli avtomobil tezlikni me’yoridan oshirib, voyaga yetmagan qizchani urib yuborgan va voqea joyidan qochgan.
Shu sababli 5 yoshli qizcha Urgut tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Haydovchining ushbu tumandagi umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi ekani aniqlangan.
Urgut tumani yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv natijasida haydovchi va transport vositasi topilib, avtoulov vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Haydovchi qizchaning ota-onasidan uzr so‘ragan va haydovchilik guvohnomasini olmaguncha mashina boshqarmasligini bildirgan.
Mazkur holat bo‘yicha dastlabki surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Avvalroq, Namanganda 10-sinf oʻquvchisi avtomobil boshqarib 4-sinf oʻquvchisini urib yuborgan edi.
