Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani 8-sonli maktabning 6-sinf o‘quvchisi Jamoliddinov Muhammadrizo ingliz tilidan CEFR B2 darajasini qo‘lga kiritib, yoshiga nisbatan yuqori natija qayd etdi. Qizig‘i shundaki, bu ilk natijasi emas, B2 sertifikatini bundan oldin — 5-sinfda ham qo‘lga kiritgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan ingliz tilini o‘rganish jarayoni, qiyinchiliklar va muvaffaqiyat siri haqida suhbatlashdi.
“Ingliz tilini 10 yoshimda boshlab, 11 yoshimda B2 oldim”
Muhammadrizo ingliz tilini 10 yoshidan o‘rganishni boshlagan. Oradan ko‘p o‘tmay, 11 yoshida ya’ni 5-sinfligida ilk B2 natijaga erishgan.
— “B2 darajasini olish qiyin bo‘ldi, lekin qattiq harakat qildim va bir urinishda natijaga erishdim. Menga Listening, Reading bo‘limlari menga qiyinchilik tug‘dirmadi. Asosan, Writing va Speaking bo‘limlari ozgina qiyindek tuyuldi. Lekin, hozirgi kunda men bu skill’larim ustida ishlayapman”, — deydi u.
Uning aytishicha, aprel oyida yana Multilevel imtihoniga C1 olish uchun va may oyida IELTS imtihoni topshirishni rejalashtirmoqda.
“Speaking — meni o‘ylashga majbur qiladi”
Muhammadrizo uchun eng qiziqarli bo‘lim — “speaking” va “writing” ekanligini bildirdi.
“Speaking va Writing bo‘limlar menga juda yoqadi. Qiyin tuyilishiga qaramasdan, bu bo‘limlar meni ko‘proq har xil mavzular yuzasidan o‘ylashga undab, o’z g‘oyalarimni ifodalashga imkon beradi”.
Biroq aynan “speaking” u uchun oson kechmaganini bildirdi.
— “Meni qiynagan ko‘nikma ham bu — “speaking”. Chunki bir paytni o‘zida menga oldin notanish bo‘lgan mavzularda yaxshi talaffuz bilan har xil lug‘atlardan va grammatik strukturalardan foydalanib javob berish qiyin bo‘ldi. Hozirda uni rivojantirish uchun ko‘proq mavzularda maqolalar o‘qidim, “shadowing” mashqidan foydalanib, pronunciation’imni yaxshiladim. Umuman olganda, ko‘proq ingliz tilida gaplashishga harakat qildim”, — deydi o‘quvchi.
“Kuniga 4–5 soat shug‘ullandim”
U har kuni o‘rtacha 4–5 soat ingliz tiliga vaqt ajratgan. Shunga qaramay, maktab darslari bilan tayyorgarlikni birgalikda olib borish unga qiyinchilik tug‘dirmagan.
Imtihon jarayonida esa hayajon ham bo‘lgan:
“Birinchi imtihonda juda hayajonlandim, ayniqsa speaking qismida”.
Suhbat davomida Muhammadrizo hozirga qadar multilevel imtihonida 3 marta qatnashgani, barchasi B2 natija beraverganini, lekin uning maqsadi C1 olish bo‘lganini aytdi. Shu sababdan, u tez orada qayta imtihon topshirib maqsadiga erishmoqchiligini bildirdi.
“Bu safar C1 olaman..”
Muhammadrizo B2 natijani qo‘lga kiritganida boshqacha hissiyotlarni boshdan kechirganini eslaydi:
“Yig‘lab yubordim, chunki men C1 olmoqchi edim. Keyin ustozim menga motivatsiya berdi. Bu safar C1 olaman”, – dedi u.
Bugungi kunda u yana yuqori marralarni ko‘zlamoqda. Rejasiga ko‘ra, yaqin oylar ichida C1 darajaga chiqish, shuningdek, IELTS imtihonini topshirish niyatida.
“Bilasiz, ingliz tili TOP universitetlariga kirish uchun muhim rol o‘ynaydi. Ingliz tilini yoshligimdan o‘rgandim. O‘zimni sinash uchun CEFR imtihonlariga topshiryapman. Yoshlikda olingan ilm, toshga o‘yilgan naqshdir”.
“Dasturchi bo‘lmoqchiman..”
Yosh o‘quvchining maqsadlari aniq — u kelajakda dasturchi bo‘lishni va dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biri — MIT universitetida grant asosida tahsil olishni rejalashtirmoqda.
Hozirda u ingliz tili va matematika fanlarini chuqur o‘rganmoqda hamda xalqaro olimpiadalarda faol ishtirok etayotganini qayd etdi.
“2026-yilning iyun oyida AQSHning Boston shahrida bo‘layotgan Xalqaro XPERT STEM olimpiadasida qatnashish yo‘llanmasini oldim”, — deydi u.
Ustoz fikri: “Qiziqish va to‘g‘ri yo‘nalish — muvaffaqiyat asosi”
O‘quvchini tayyorlagan o‘qituvchisining aytishicha, Muhammadrizo bilan ishlash u 4-sinfda o‘qib yurgan paytda boshlangan.
“U hammasini boshidan boshladi, juda qiziqqon va intiluvchan o‘quvchi edi. Maktabda ham darslarda aktiv qatnashib, darsdan keyin ham qo‘shimcha topshiriqlar olar edi”, – dedi ustozi.
Dars jarayonida turli zamonaviy metodlardan foydalanilgan:
— sentence writing;
— storytelling;
— podkast tinglash;
— “shadowing” mashqlari va boshqalar.
Ustozining so‘ziga ko‘ra, o‘quvchining kuchli tomonlari listening, reading va speaking bo‘lgan, writing esa ko‘proq e’tibor talab qilgan. Motivatsiyani saqlab turishda esa har bir kichik yutug‘ini e’tirof etishga harakat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, o’quvchining ota-onasini qo‘llab-quvvatlashi ham natijaga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Bugungi kunda boshlang‘ich va o‘rta sinf o‘quvchilarining yuqori darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritayotgani kuzatilmoqda. Ustoz bu holatni ijobiy baholaydi:
“Bu juda yaxshi rivojlanish. Bunday o‘quvchilar paydo bo‘layotgani barchani, hatto bizni ham harakatga undayabdi. Sog‘lom raqobat paydo bo‘lyapti. To‘g‘ri yo‘nalish va qiziqish bo‘lsa, bunday natijaga erishish mumkin. Shunchaki, o‘quvchida qiziqish, o‘qituvchida yaxshi tuzilgan reja va ko‘nikma bo‘lsa bas”.
Muhammadrizoni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, ingliz tilidan CEFR B2 darajani qo‘lga kiritgan Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani 1-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Shukrona Ulmasova bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish

