“Maqsadim aniq bo‘lgani uchun ortga chekinmadim” — surxondaryolik milliy sertifikat sohibasi bilan suhbat

“Maqsadim aniq bo‘lgani uchun ortga chekinmadim” — surxondaryolik milliy sertifikat sohibasi bilan suhbat

Surxondaryo viloyati Angor tumani 2-sonli umumta’lim maktabining 11-“A” sinf o‘quvchisi Musurmonkulova Iroda Anvarovna ona tili va adabiyot fanidan ‘‘A’’ darajadagi, matematikadan ‘‘C’’ darajadagi, tarixdan esa ‘‘C+’’darajadagi milliy sertifikatni hamda ingliz tili fanidan ‘‘B2’’ darajadagi chet tili sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. O‘quvchi qiz Talimxabarlari.uz muxbiriga bergan intervyusida tayyorgarlik jarayoni, duch kelgan qiyinchiliklari va o‘z tajribasi haqida gapirib berdi.

 

Suhbat boshida undan qaysi oliygohga hujjat topshirmoqchi ekanligi haqida so‘radik.

 

Uning aytishicha, u O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda. Kelajakda esa tarjimonlik yoki xalqaro kommunikatsiya yo‘nalishida faoliyat yuritishni maqsad qilgan.

 

“Sertifikat olish g‘oyasi qachon paydo bo‘lgan?” degan savolga u quyidagicha javob berdi.

 

Sertifikat olish g‘oyasi menda 8–9-sinfligimda paydo bo‘lgan. Dastlab bu oddiy maqsad edi, keyinchalik esa jiddiy reja darajasiga chiqdi. Tayyorgarlik jarayoni bosqichma-bosqich kechdi: avval grammatikani mustahkamladim, keyin esa testlar va turli practice’lar orqali bilimimni oshirdim. Bu jarayonda ustozim Yulduz Mamadiyevaning hissasi katta bo‘ldi. – dedi u.

 

“Ba’zan kuniga 8–10 soatgacha dars qilganman”

 

Uning aytishicha, tayyorgarlik muddati fanlarga qarab farq qilgan bo‘lsa-da, kamida 5–6 oy vaqt ajratilgan. Shu bilan birga, ayrim kunlari 8–10 soatgacha dars qilganini ham yashirmadi. Bu borada ustozi Qalandarov Xumoyunning “Maqsad aniq bo‘lsa, ko‘proq o‘qish kerak” degan tavsiyasi unga katta turtki bo‘lgan.

 

U eng samarali usul sifatida bilimlarni qayta-qayta takrorlashni alohida ta’kidladi.

 

Men asosan offline tarzda tayyorlandim. Maktab darsliklari, repetitor darslari, onlayn platformalardagi videodarslar va testlardan, shuningdek IELTS tipidagi materiallardan foydalandim. Ammo meningcha, eng samarali usul — bu olingan bilimlarni muntazam takrorlash – dedi u.

 

“Savollar qiyin edi, lekin tushunish hammasini osonlashtiradi”

 

Uning fikricha, savollar yetarlicha murakkab bo‘lgan, biroq savolni to‘g‘ri tushunish va bilimdan to‘g‘ri foydalanish orqali bu qiyinchiliklarni yengish mumkin.

 

U dastlab vaqtni to‘g‘ri taqsimlashda qiyinchiliklarga duch kelganini tan oldi. Biroq ota-onasi va ustozlarining qo‘llab-quvvatlashi orqali bu muammoni yengib o‘tganini aytdi.

 

Rostini aytsam, vaqtni to‘g‘ri taqsimlashda qiyinchiliklar bo‘lgan. Biroq ota-onam va ustozlarimning yordami bilan bu muammoni yengib o‘tdim.

 

Tayyorgarlik davrida uyqu rejimim ham ancha buzildi. Kamida 5 oycha  “night owl“ bo’ldim, vaholanki bu mashaqqatlar vaqtinchaligini bilardim – deydi u.

 

“Tayyorgarlik davomida tushkunlik bo‘ldimi?” degan savolga u ijobiy ruhda javob berdi.

 

Yo’q. Tushkunlik holati kuzatilmadi. Chunki maqsad sari ildam qadam bosgan odam ko’nglida, unga erisha olmaslik tushunchasiga yo’l bo’lmaydi, – dedi o‘quvchi qiz.

 

‘‘Testda yuqori ball olish uchun qanday xatolardan qochish kerak?’’ degan savolga u quyidagicha javob berdi:

 

Savollarni to’g’ri tushunish va uni bir necha bor o’qish eng birinchi uddalashim kerak bo’lgan topshiriq edi, – dedi u.

 

Iroda telefonni chalg‘ituvchi vosita emas, balki to‘g‘ri foydalanilganda yordamchi sifatida ko‘rishini aytdi. U yangi mavzudan so‘ng telefon orqali testlar topib, bilimini mustahkamlab borganini ta’kidladi.

 

Suhbat yakunida u tengdoshlariga murojaat qildi.

 

Irodaning aytishicha, eng muhim narsa — tanlangan maqsadni oxirigacha yetkazish. Qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy, ammo ular insonni kuchliroq qiladi.

 

Maqsadni tanlaganda uni oxirigacha yetkazishni kanda qilmang. Ba’zida qiyinchilik bo’ladi, o’qishga bo’lgan qiziqish yo’qoladi ( past natijalar, ko’p xatolar sabab ), lekin bular sizni yanada kuchli qilishini va boshida maqsadingiz nima bo’lganini unutmang, – dedi u.

 

Iroda maktablarda nazariy bilim bilan birga ko‘proq amaliy mashg‘ulotlarga e’tibor qaratish kerakligini, o‘quvchilarni qiziqtirib o‘qitish muhimligini ta’kidladi.

 

Menimcha, maktablarda faqat nazariyani o‘qitib qo‘ymasdan, ko‘proq amaliy mashg‘ulotlar qilish kerak. O‘quvchilarni majburlab emas, qiziqtirib o‘qitish muhim. Har kimning darajasi har xil bo‘ladi, shuni hisobga olib yondashilsa yaxshi bo‘lardi. Yana imtihonga yaqinroq tizimda tayyorlashsa, o‘quvchilarga ancha oson bo‘lardi, – deya fikrini yakunladi o‘quvchi qiz.

 

Musurmonkulova Irodaga kelgusi o‘qishlarida muvaffaqiyat tilab qolamiz.

 

Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani 20-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Ahmedova Guljahon bilan milliy sertifikatga tayyorgarlik jarayoni, muvaffaqiyat sirlari va tengdoshlariga tavsiyalari haqida suhbatlashgan edik.
 

Ushbu maqolani quyidagi havola orqali o‘qib ko‘rishingiz mumkin: Havola