Adliya vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2026-yilning mart–may oylarida “Eng yaxshi huquq o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Tanlov bosqichlari
Ko‘rik-tanlov uch bosqichda tashkil etiladi:
- tuman (shahar) bosqichi – mart oyida;
- hududiy bosqich (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar) – aprel oyida;
- respublika bosqichi – may oyida.
Tanlov shartlari
Ko‘rik-tanlov uchta shart asosida o‘tkaziladi:
1-shart – test sinovi.
Test natijalariga ko‘ra eng yuqori natija qayd etgan 20 nafar o‘qituvchi keyingi shartlarda qatnashadi.
2-shart – blits savol-javoblar.
Ishtirokchilar 3 tadan blits savolga javob beradi. Har bir to‘g‘ri javob 5 balldan baholanadi.
3-shart – taqdimot.
Bunda umumiy to‘planishi mumkin bo‘lgan ball 30 ballni tashkil etadi.
Barcha shartlar yakuniga ko‘ra, eng yuqori natijani qayd etgan 3 nafar ishtirokchi tanlovning keyingi bosqichiga yo‘l oladi.
Pul mukofotlari
Tanlov g‘oliblari quyidagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin – 30 million so‘m;
2-o‘rin – 20 million so‘m;
3-o‘rin – 10 million so‘m.
O‘tgan yilgi natijalar
2025-yil 2–3-may kunlari o‘tkazilgan tanlovda respublika bo‘yicha 10 mingga yaqin “Davlat va huquq asoslari” fani o‘qituvchilari qatnashgan edi.
Respublika bosqichida ishtirok etgan 42 nafar o‘qituvchidan 3 nafari tanlov g‘olibi, yana 6 nafari “Eng yaxshi notiq” hamda “Eng yaxshi taqdimot” nominatsiyalarini qo‘lga kiritgan.
Tanlov g‘oliblari quyidagicha diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlangan:
1-o‘rin – Odilova Dilobar Xolmamatovna (Samarqand viloyati, Jomboy tumani 28-maktab o‘qituvchisi) — I darajali diplom va 30 mln so‘m;
2-o‘rin – Norova Mehriniso Sheraliyevna (Buxoro viloyati, Qorovulbozor tumani 1-maktab o‘qituvchisi) — II darajali diplom va 20 mln so‘m;
3-o‘rin – Baymuratov Azat Amangeldi uli (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Shumanay tumani 16-maktab o‘qituvchisi) — III darajali diplom va 10 mln so‘m.
Eslatma: tanlovda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining barcha “Davlat va huquq asoslari” fani o‘qituvchilari hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlariga murojaat qilish orqali ishtirok etishlari mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, ko‘rik-tanlov Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-avgustdagi 532-son qarori asosida o‘tkaziladi.
