Bugun, 13-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda ayrim vazirlik va idoralarda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sifati yetarli darajada emasligi qayd etildi. Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga kelib tushgan murojaatlarning 64 foiziga yechim berish o‘rniga yuzaki javob berish bilan cheklanilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 61 foiziga, Transport vazirligi 58 foiziga yuzaki javob bergani qayd etildi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, Xalq qabulxonalari yangi ochilganida murojaatlarning 90-95 foizi shikoyat shaklida bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib, 60-65 foizga tushgan.
“Bugun odamlarning dunyoqarashi o‘zgarib, shaxsiy masalada emas, mahallasidagi sharoitni yaxshilash yuzasidan taklif berishni afzal ko‘ryapti. Lekin muammosi hal bo‘lmagan odamlar rahbarlar qabulini tashkil qilib berishni Prezidentdan so‘rayapti.
Endi bu tizim o‘zgaradi. Hokimlar arizada ko‘tarilgan masalani hal qilishning o‘zi bilan cheklanmaydi. Aksincha, muammoning kelib chiqish sababi bilan ishlashi kerak”, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois, sohada yangi tizim joriy qilinib, Xalq qabulxonalari faqatgina ariza qabul qiluvchi organ emas, balki hududdagi muammolarni diagnostika qiladigan markaz bo‘lishi belgilandi.
