Pedagogika oliygohlari bitiruvchilari yakuniy attestatsiya bilan birga kasbiy sertifikatlashdan oʻtishi mumkin

Pedagogika oliygohlari bitiruvchilari yakuniy attestatsiya bilan birga kasbiy sertifikatlashdan oʻtishi mumkin

Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tasarrufidagi pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarining xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining bitiruvchi kurs talabalariga yakuniy attestatsiyasi bilan birga oʻz xohishiga koʻra kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish imkoniyati yaratilishi mumkin. Bu haqdagi qaror loyihasi muhokama uchun joylashtirilgan.

 

Loyihada koʻra Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-fevraldagi 87-son qaroriga quyidagi oʻzgartirishlarni kiritish rejalashtirilgan:

 

2028/2029 – oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston milliy pedagogika universitetining, 2029/2030 – oʻquv yilidan boshlab Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tasarrufidagi pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarining xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining bitiruvchi kurs talabalariga yakuniy attestatsiyasi bilan birga oʻz xohishiga koʻra kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.

 

Bunda, kasbiy sertifikatlash sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchiga mutaxassis oʻqituvchi lavozimida ishlash huquqini beruvchi kasbiy sertifikat beriladi.

 

Amaldagi tartib boʻyicha, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining pedagogik kasblarga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy maʼlumotli talabgorlar stajyor-oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritishi va ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega boʻlishi talab etiladi.

 

Stajyor-oʻqituvchilarga ular kasbiy sertifikat olguniga qadar oliy maʼlumotli (toifasiz) oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi qoʻllanilishi belgilangan.

 

Shuningdek, ushbu qaror loyihasiga koʻra, oʻrta maxsus maʼlumotli bogʻcha pedagoglarini dual taʼlimda oʻqitish tartibi va oliygohlar roʻyxati eʼlon qilindi.