Maktabgacha yosh davri bolaning shaxsiyati, qiziqishlari va dunyoqarashi shakllanadigan muhim bosqich hisoblanadi. Shu sababli aynan shu davrda bolalarda turli kasblar haqida dastlabki tasavvurlarni shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Pedagogik amaliyotda bu jarayon erta kasbga yo‘naltirish deb ataladi.
Erta kasbga yo‘naltirish bolaning kelajakdagi kasb tanlashiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmaydi. Uning asosiy vazifasi bolani muayyan kasbga majburlash emas, balki turli faoliyat turlari bilan tanishtirish orqali kelajakdagi ongli tanlov uchun poydevor yaratishdir.
Quyida Ta’limni rivojlantirish markazi ma’lumotlariga asoslanib tayyorlangan tavsiyaviy materialni o‘qishingiz mumkin.
Maktabgacha yoshda kasbga yo‘naltirish nima uchun kerak?
Bu yoshda hech kim bolani aniq bir kasbni tanlashga majburlamaydi. Ta’lim tizimining maqsadi — quyidagilar orqali kelajakdagi tanlov uchun poydevor yaratishdir:
Dunyoqarashni kengaytirish: kasblar olamining rang-barangligi bilan tanishish (qutqaruvchilar, shifokorlar, muhandislar, kosmonavtlar kimligini bilish);
Ijtimoiylashuv: insonlar hayotida mehnatning o‘rnini tushunish va har qanday mehnatga (ishga) nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash;
Moyilliklarni aniqlash: bolani qaysi o‘yinlar va faoliyat turlari ko‘proq jalb etishini kuzatish. Masalan, kimdir konstruktorlikka, boshqasi muloqotga, yana kimdir ijodiy faoliyatga qiziqishi mumkin.
Amaliyotda bu jarayon qanday tashkil etiladi?
Maktabgacha yoshdagi bolalar bilan kasbga yo‘naltirish ishlari doimo o‘yin shaklida olib boriladi. Bu jarayonda zerikarli ma’ruzalar emas, balki qiziqarli va interaktiv faoliyat turlari qo‘llaniladi.
Syujetli-rolli o‘yinlar
Bolalar “shifoxona”, “do‘kon”, “kosmik sayohat” kabi o‘yinlar orqali turli kasblarni tasavvur qiladi va ularning faoliyati bilan tanishadi. Bunday o‘yinlar bolalarning tasavvurini kengaytiradi hamda ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Ekskursiyalar va uchrashuvlar
Bog‘cha oshxonasiga, kutubxona yoki boshqa xizmat joylariga kichik ekskursiyalar tashkil etish orqali bolalarni turli kasblar bilan tanishtirish mumkin. Shuningdek, ota-onalarni bog‘chaga taklif qilib, ular o‘z kasblari haqida bolalarga qiziqarli hikoyalar aytib berishlari ham samarali usullardan biridir.
Kasbiy sinovlar
Oddiy amaliy mashg‘ulotlar ham bolalarda kasblar haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi. Masalan, gul ekish, konstruktordan uy qurish yoki kichik ijodiy ishlar bajarish orqali bolalar turli faoliyat turlarini sinab ko‘rishadi.
Zamonaviy ta’lim tendensiyalariga ko‘ra, maktabgacha ta’lim bolalarda kattalar mehnati va uning jamiyatdagi ahamiyati haqida dastlabki tushunchalarni shakllantirishi zarur.
Bolalarni kasblar olami bilan tanishtirishning qiziqarli usullari:
Bolalarni kasblar bilan tanishtirishda turli o‘yinlar va faoliyatlar ham katta samara beradi.
“Top-chi, men kimman?” o‘yini
Bu o‘yinda kattalar ma’lum bir kasbga xos harakatlar yoki asbob-uskunalarni tasvirlab beradi, bola esa qaysi kasb haqida gap ketayotganini topishi kerak.
Masalan, “Men qaychi, taroq va fen yordamida odamlarga chiroyli soch turmaklari yarataman. Men kimman?” (Sartarosh).
O‘yinni murakkablashtirish uchun bolaning o‘zi bir kasb o‘ylab topishi va uni aytmasdan tasvirlab berishi mumkin.
“Bir kasb kuni”
Haftada bir marta ma’lum bir kasbga bag‘ishlangan tematik kun tashkil etish ham samarali hisoblanadi.
Masalan: Oshpaz kuni.
Bolalar bilan birgalikda pechenye pishirish, fartuk taqish va retsept nima uchun kerakligini muhokama qilishi mumkin.
Ekolog kuni.
Uy chiqindilarini saralash, plastik va qog‘ozni ajratish hamda tabiatni asrash haqida suhbat o‘tkazish mumkin.
“Kasbiy chamadoncha” (syujetli-rolli o‘yinlar)
Turli kasblarga mos buyumlar to‘plami tayyorlab, syujetli-rolli o‘yinlar tashkil etish mumkin.
Masalan:
- “Quruvchi” to‘plami: kaska, kubiklar, ruletka yoki chizg‘ich.
- “Florist” to‘plami: rangli qog‘oz yoki quritilgan gullar, lentalar, stakanlar va kichik sug‘orish idishlari.
“Agar shunday bo‘lsa-chi?..” o‘yini
Bu o‘yin bolalarning mantiqiy fikrlashini rivojlantiradi va jamiyatdagi kasblar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushunishga yordam beradi.
Masalan, bolaga quyidagi savollar berilishi mumkin:
- Agar barcha shifokorlar ishga chiqmasa, nima bo‘lardi?
- Agar hech kim chiqindi tashuvchi mashina haydovchisi bo‘lib ishlamasa, nima yuz berardi?
- Agar quruvchilar uy qurishni to‘xtatsa, nima bo‘lardi?
Bunday savollar bolalarni o‘ylashga va kasblarning jamiyatdagi ahamiyatini tushunishga undaydi.
Erta kasbga yo‘naltirish maktabgacha yoshdagi bolalarda turli kasblar haqida dastlabki tasavvurlarni shakllantirish, ularning qiziqish va moyilliklarini aniqlash hamda mehnatga hurmat ruhini tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. O‘yinlar, amaliy mashg‘ulotlar va qiziqarli faoliyatlar orqali bolalar kasblar olami bilan tabiiy va qiziqarli tarzda tanishib boradi.
Avvalroq, maktab o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirishning jarayoni va uning ahamiyati haqida ma’lumot berilgan edi.
