Tabiiy fanlardan 7-8-sinflar kesimidagi Al-Xorazmiy olimpiadasining Respublika bosqichi o‘tkazilish sanasi va tartibi e’lon qilindi

Tabiiy fanlardan 7-8-sinflar kesimidagi Al-Xorazmiy olimpiadasining Respublika bosqichi o‘tkazilish sanasi va tartibi e’lon qilindi

Fan olimpiadalari tomonidan tabiiy fanlar bo‘yicha Al-Xorazmiy olimpiadasining toʻrtinchi – Respublika bosqichi joriy yilning  26–29-mart kunlari o‘tkaziladi.

 

Mazkur olimpiada tabiiy fanlar bo‘yicha toʻrtinchi – Respublika bosqichi hududiy bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 7-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

 

Olimpiada jarayoni qanday o‘tadi?

 

Olimpiada 2 turda tashkil etiladi:

 

1-turda ishtirokchilarga kimyo, biologiya va fizika fanlaridan kompleks tarzda 3 ta yozma ish topshiriqlari beriladi. Bularni bajarish uchun 180 daqiqa vaqt ajratiladi.

 

2-turda esa kompleks tarzda kimyo, biologiya va fizika fanlaridan 12 tadan, jami 36 ta test savollari taqdim etiladi. Testni ishlash uchun 120 daqiqa vaqt ajratiladi.

 

Olimpiada davomida ishtirokchilarga Mendeleyev davriy jadvali beriladi. Shuningdek, sinov o‘tkaziladigan hududga talabgorlar o‘zlari bilan kalkulyator olib kirishlari mumkin.

 

Yakuniy natijalarga ko‘ra, har bir sinf kesimida qatnashchilar orasidan ballar ketma-ketligida 3 nafardan umumiy 6 nafar g‘olib aniqlanib, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

 

Ishtirokchilar olimpiada auditoriyasiga faqat shaxsini tasdiqlovchi hujjat, maktabning maxsus ma’lumotnomasi va ruchka bilan kirishlari lozim.

 

Eslatma: olimpiadaga telefon, yozma ko‘chirma yozuvlar, ilmiy kalkulyatorlar hamda gadjetlar olib kirish qat’iyan taqiqlanadi.

 

Avvalroq, tabiiy fanlar bo‘yicha Asosiy olimpiadaning to‘rtinchi — Respublika bosqichi o‘tkazilish sanalari va tartibi haqida ma’lumot berilgan edi.