Bolalarning ta’lim olishida ota-onalar qanday yordam berishi kerak?

Bolalarning ta’lim olishida ota-onalar qanday yordam berishi kerak?

Bugungi bolalar bilim olishda raqamli imkoniyatlardan faol foydalanmoqda. Ta’limga oid videolar ko‘rishadi, onlayn kurslarda qatnashishadi va turli platformalar orqali yangi bilimlarni o‘zlashtirishadi. Bugungi kunda ta’lim tobora shaxsga moslashib, an’anaviy tizim doirasidan chiqib bormoqda. Shu sababli zamonaviy maktablar nafaqat bilim berish, balki o‘quvchilarning ijtimoiylashuvi va moslashuvchan ko‘nikmalarini rivojlantirish maydoniga aylanishi zarur.

 

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan e’lon qilingan metodik tavsiyalarda ota-onalarga bolalarning zamonaviy o‘rganish jarayonida qanday yordam berish mumkinligi haqida ma’lumot berilgan.

 

Ota-onalar nima qilishi kerak?

 

Ota-onalar bolaga katta axborot oqimida to‘g‘ri yo‘l topishga yordam berishi lozim.

 

Qaysi manbalarga ishonish mumkinligi va qaysilari noto‘g‘ri yoki yuzaki ma’lumot berishini birgalikda muhokama qilish kerak.

 

Faqat baholarga bog‘lanib qolmaslik kerak. Eng muhimi — bolada bilim olishga bo‘lgan qiziqishni saqlab qolish, unga nimani o‘rganishni tanlash imkonini berish va bilimni amalda qo‘llashga yordam berishdir. Baholar tufayli yuzaga keladigan xavotirni kamaytirish kerak.

 

Bolani mustaqil bilim olishga o‘rgatish zarur. Bugungi kunda “mustaqil o‘rgana olish” mexanik yodlash orqali olingan bilimlardan ko‘ra muhimroqdir.

 

Bilimni amalda qo‘llash uchun sharoit yaratish kerak. Masalan, iqtisod asoslarini o‘rgandimi? Bolaga haftalik xaridlarni rejalashtirishni topshirish zarur. Tabiiy fanlarga qiziqadimi? Uy sharoitida o‘simliklarni parvarishlashni tashkil qilish darkor.

 

Tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga yordam berish zarur. Axborot ko‘p bo‘lgan davrda uning nima uchun kerakligini tushunish juda muhim. “Bu bilim senga qayerda kerak bo‘lishi mumkin?”, “Nega bu bloger aynan shunday gapiryapti?” kabi savollarni tez-tez berish kerak. Bu bolani kontentni shunchaki iste’mol qilishga emas, balki uni tahlil qilishga o‘rgatadi.

 

Ota-onaning asosiy vazifasi bolaning «o’rganish instinkti»ni saqlab qolishdir, uni kundalikdagi baholar ortidan quvish orqali osonlikcha pasaytirib yuborish mumkin.