Bugun, Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi bayram tadbirida oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan mahkumalarni oliygohlarga kirish va masofaviy o‘qish imkoniyati yaratilishi ta’kidlandi.
Tadbirda turli sabablarga ko‘ra bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan ayollar ham shu yurtning fuqarolari ekanligi, ularni ijtimoiy hayotga qaytarish, jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylantirish to‘g‘risida ham jiddiy o‘ylash kerakligi qayd etilgan.
Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan ayollarning ko‘pchiligi o‘rta ma’lumotli, kasbi yoki hunari yo‘q. Ayrimlari oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan.
Shu bois, bunday xotin-qizlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha “Yangi hayot” dasturi boshlanadi. Ular 3-6 oy kasb dasturlarida o‘qitilib, sertifikat oladi.
“Ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi murosasiz muhit yaratish – biz uchun strategik vazifa.
Shu haftada yana bir muhim farmonni imzoladim. Endi xotin-qizlar va bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik va tazyiq holatlariga qarshi qat’iy tizim asosida kurash olib boramiz”, – dedi Prezident.
Shuningdek, mahkumalarga muassasalarning o‘zida imtihon topshirib, oliygohlarga kirish va masofaviy o‘qish imkoniyati yaratib beriladi. Kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlarga jazoni o‘tab, ishga joylashgandan keyin qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratiladi.
Avvalroq, yangi o‘quv yilidan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun davlat granti kvotasi 2 karra oshirilishi hamda 11-sinfni bitirib, davlat texnikumlariga kirgan qizlarni kasbga o‘qitish to‘liq davlat granti asosida bo‘lishi haqida xabar bergan edik.
