Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Taʼlim tashkilotlarini litsenziyalash boʻlimi yetakchi mutaxassisi pora olayotgan vaqtida qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, u Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi nufuzli nodavlat oliy taʼlim muassasasining Surxondaryo viloyatida filialini ochish uchun vazirlikdan litsenziya olib berishni vaʼda qilgan. Mazkur masalani qisqa muddatda ijobiy hal qilib berish evaziga universitet mansabdor shaxsidan 100 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida u soʻralgan pul mablagʻini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni kundalik hayotda bunday qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirgan.
